Sirdaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi va xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha muhim qadam tashlandi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Xitoyning elektrotexnika sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — “Aerospace Electric Group” boshqaruv raisi Van Sze rahbarligidagi nufuzli delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar qo‘shma sanoat korxonasi tashkil etish, eksportga yo‘naltirilgan kabel mahsulotlari ishlab chiqarish, rangli metallar ta’minoti va texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Delegatsiya tarkibida “Yichang City Development Investment Group” bosh direktor o‘rinbosari Chen Sixun, “Aerospace Electric Group” marketing va xalqaro marketing bo‘limlari direktorlari Xuan Chen va Bao Veyli, “Hubei Aerospace Cable” bosh direktor o‘rinbosari Chjao Shilin hamda Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti Markaziy Osiyo markazi direktori o‘rinbosari Van Xaydun kabi asosiy qaror qabul qiluvchi rahbarlar ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida mehmonlar viloyatdagi sanoat zonalari, logistika tarmog‘i, xomashyo bazasi va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan yaqinan tanishishdi. O‘zbekistondagi barqaror siyosiy muhit, Sirdaryodagi qulay investitsiya sharoitlari va tadbirkorlar uchun yaratilgan keng imtiyozlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muzokaralar davomida Sirdaryoda zamonaviy kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma zavod tashkil etish, xomashyo ta’minoti va rangli metallar bo‘yicha uzluksiz hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, texnologiyalarni transfer qilish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni shakllantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Aerospace Electric Group Markaziy Osiyo davlatlari bilan hozirga qadar hamkorlik qilmagan va Sirdaryo loyihasi ular uchun mintaqadagi birinchi va eng yirik industrial platforma bo‘lishi mumkin. 2024 yilda kompaniya Xitoyda 1 milliard dollardan ortiq tovar aylanmasiga erishib, Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Amerika bozorlariga mahsulot yetkazib berib kelgan.
Eng muhimi, ushbu loyiha amalga oshsa, Sirdaryo iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlar yuz berishi kutilmoqda: yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, eksport hajmi keskin oshishi, elektrotexnika sanoati hududiy markazga aylanishi hamda texnologik kooperatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, bu strategik hamkorlik Sirdaryoning xalqaro investitsiya xaritasidagi nufuzini oshirishi va viloyatni ichki bozordan tashqari, xalqaro miqyosda ham elektrotexnika mahsulotlarining eksportchisiga aylantirishi mumkin.
Shuningdek, tomonlar rangli metallarni barqaror xarid qilish, resurs ta’minoti va texnologik hamkorlik imkoniyatlarini mustahkamlash yo‘llarini ham muhokama qildi. Bu sa’y-harakatlar viloyatning industrial rivojlanishida yangi sahifa ochishi hamda investitsiya va texnologiyalar bo‘yicha strategik muloqotni mustahkamlashi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri