Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shma ta’lim dasturi asosida klinik ordinatorlar tayyorlanadi
18:55 / 2023-10-08

Tibbiyot xabarlari

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Rossiyaning I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-g‘arbiy davlat tibbiyot universiteti hamkorligida 50 dan ortiq yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturi asosida klinik ordinatorlar tayyorlanadi. Ikkala oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvida bu haqda kelishib olindi.

Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan akademik mobillik dasturini kuchaytirish va bu orqali tibbiy ta’lim darajasini jahonning yetakchi oliygohlariga tenglashtirish masalalari muhokama qilindi.

I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-g‘arbiy davlat tibbiyot universiteti yetakchi tibbiyot oliygohlaridan hisoblanadi. 1885 yildan buyon ta’lim jarayonini tashkil etish va xorijiy davlatlar tibbiyot oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro loyihalarni amalga oshirish borasida dunyoning nufuzli reytinglaridan joy olib kelmoqda. Xususan universitet bugungi kungacha jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan.

– Universitetlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur hamkorlik aloqalari ham yuksak samara berib, talabalarimiz uchun jahon miqyosiga chiqishga zamin yaratiladi, – dedi Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev. – Shuningdek, Turkiyaning Otaturk universiteti bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.  Universitet delegatsiyasining muassasamizga tashrifi mobaynida shunga kelishib oldik. Otaturk universiteti Turkiyaning eng qadimgi oliygohlaridan biri bo‘lib, 1957 yilda tashkil topgan. Jahon universitetlari reytingida kuchli 500 talikdan, Turkiya reytinglarida esa top 10 talikdan joy egallagan. Oliygohda 480 mingdan ortiq talaba tahsil olib, dars jarayonlari jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.  

Darhaqiqat, Turkiya delegatsiyasining tashrifidan maqsad ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, amaliy tibbiyot hamda ta’lim sohasida zamonaviy texnologiya va usullardan foydalangan holda birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishdan iborat bo‘lib, uchrashuv davomida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, kelgusida ikkala universitet o‘rtasida sport tibbiyoti hamda transplantologiya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va ilmiy izlanishlarni olib borish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda akademik mobillikni amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Memorandumda shuningdek, kelgusida SamDTU qoshidagi 3 ta ilmiy-amaliy markaz va 1 ta ilmiy tadqiqot institutining Otaturk universiteti klinikalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA