AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar o‘nlab xalqaro tashkilotlar, BMT tarkibidagi tuzilmalar, jumladan iqlim bo‘yicha muhim shartnoma, gender tengligi va ayollar huquqi va imkoniyatini kengaytirish maqsadida faoliyat yuritadigan idoradan chiqib ketishini e’lon qildi. Amerika yetakchisi fikricha, bunday muassasalar "AQSH milliy manfaatiga zid harakat qilishadi".
Bu haqda "Reuters" agentligi xabar tarqatgan. Trampning tegishli farmoni barcha federal agentliklardan BMT huzuridagi 31 va yana 35 turli tashkilotlarda ishtirok etish, muayyan loyihalar moliyalashtirilishiga cheklov qo‘yishni talab etadi.
Ma’lumki, Tramp BMT va boshqa xalqaro tuzilmalarning samaradorligi, xarajati va mas’uliyatini bir necha bor shubha ostiga qo‘ygan, bunday faoliyat ko‘pincha mamlakati rivojiga xizmat qilmasligini ta’kidlagan. Bir yil avval ikkinchi marta boshqaruvga kelgach, u o‘tgan vaqt mobaynida BMTga ajratiladigan mablag‘ni kamaytirishga harakat qildi. Jumladan, Amerikaning Inson huquqi kengashidagi ishtirokini to‘xtatdi, madaniyat tashkiloti - YUNESKOni tark etdi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Parij iqlim kelishuvidan ham chiqish rejasini e’lon qildi.
Mazkur ro‘yxatga Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiya, Xalqaro energetika forumi, An’anaviy qurollar reyestri va Tinchlikni tiklash komissiyasi ham kiritilgan.
G.Sattorova, O‘zA