Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shma reydlar davomida 3 ming 419 ta holatda traktorchi-mashinistga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilgan
14:06 / 2023-10-20

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ulardan foydalanish va mavsumga tayyorgarligi bo‘yicha nazorat tadbirlarini amalga oshirish “O‘zagroinspeksiya” vazifalaridan biri hisoblanadi.

“O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyevaning ma’lum qilishicha, 2024 yil hosili uchun g‘alla ekishga yer tayyorlash ishlarida 3 yarim ming dona haydov traktori va 2 ming 588 dona yer tekislagich, shuningdek, g‘alla ekish ishlarida 1 ming 107 dona g‘alla ekish seyalkasi hamda 10 mingdan ortiq g‘o‘za qator oralariga bug‘doy ekadigan kultivator moslamasi qatnashmoqda. Inspeksiya tomonidan ushbu qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik holati to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, mavsumda qatnashayotgan texnikalarning deyarli 60 foizini oxirgi 5 yilda ishlab chiqarilgan texnikalar tashkil etadi.

Mutaxassisga ko‘ra, joriy yilning o‘zida xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 80 dan ortiq yuqori unumli don ekish seyalkalari harid qilingan. Natijada mazkur don ekish seyalkalari yordamida urug‘ni maydon bo‘ylab teng taqsimlash va bir xil chuqurlikka ekish imkoniyati mavjud bo‘ldi.

“O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2024 yil hosili uchun g‘alla ekish mavsumida qatnashayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik holati va ulardan samarali foydalanilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu ishlar mavsum yakuniga qadar davom ettiriladi.

Shuningdek, joylarda “O‘zagroinspeksiya” va IIV YHXBning tegishli inspektorlari bilan birgalikda haftaning har payshanba kuni qo‘shma reydlar tashkil etilmoqda. Shunga asosan, 2023 yil davomida respublika bo‘ylab 3 ming 720 marotaba hamkorlikdagi qo‘shma reyd tashkil etilgan.

Tashkil etilgan qo‘shma reydlar natijasida “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarma xodimlari tomonidan 3 ming 419 ta holatda traktorchi-mashinistga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilgan. Qo‘llanilgan ma’muriy choralarning aksariyatida traktorchi-mashinistlar tomonidan traktorlar, kombaynlar, boshqa o‘zi yurar qishloq xo‘jalik, melioratsiya va yo‘l-qurilish mashinalaridan texnik jihatdan foydalanish va texnika xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari aniqlangan hamda MJtKning 112-moddasiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shu bilan birga, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, ishonchnomalar, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarish) bo‘yicha traktorchi-mashinistlarga nisbatan MJtKning 135-moddasiga asosan ma’muriy choralar qo‘llanilib, bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Buning natijasida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan foydalanib kelinayotgan ikki yuzdan ortiq qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikasi aniqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Qo‘shma reydlar davomida majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazmasdan foydalanib kelinayotgan besh yuzga yaqin qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikasi aniqlanib, yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA