Yaponiya hukumati BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilarining tirikchiligi uchun iqlim o‘zgarishiga bardoshli bo‘lgan mablag‘ manbalarini yaratish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish uchun qariyb bir million ($ 956 147) AQSH dollarini ajratishni ma’qulladi.
Bu haqda BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad Farg‘ona vodiysida agrometeorologik stansiyalar tarmog‘ini kengaytirish, masofaviy qamrov va zamonaviy modellashtirish asosida agrometeomonitoring uchun aqlli operatsion tizimni ishlab chiqish kabi jaaryonlar orqali erishishdir.
Loyiha qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishi ta’siriga moslashuvi va Farg‘ona vodiysida bunday vaziyat tufayli havoga tashlanayotgan issiqxona gazlari darajasini nolga yetkazishga hissa qo‘shadi. Unda issiqxona gazlarini qisqartirishda milliy miqyosda belgilangan talablarni amalga oshirish yo‘lida sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa sektorlarida resurslarni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, yer unumdorligini oshirish va suv resurslarini boshqarish tizimlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Bir yilga mo‘ljallangan loyiha 2022 yilning mart oyida amaliyotga tatbiq etish boshlanadi. U O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va Farg‘ona vodiysidagi mahalliy hamkorlar bilan amalga oshiriladi.
O‘zA