Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shma korxona mahsulotlari sanoatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda
17:54 / 2024-02-06

Yurtimizda raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadda ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. Ana shunday korxonalardan biri “JV Continaz” MCHJ qo‘shma korxonasidir.

Korxonaga 2019 yil dekabr oyida asos solingan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. “JV Continaz” MCHJ QK MDH mamlakatlaridagi formalin va KFK - 85 (karbamid formaldegid konsentrati) ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi.  

Korxona Avstriya bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy va yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan. Bugungi kunda korxonada formaldegidning massa ulushi 37-42 foiz va KFK-85 massa ulushi 85 foiz bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqariladi.  

– Bugungi kunda qayta ishlash korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilish talablarining ortib borishi natijasida karbamid va formaldegidning umumiy miqdori 85 foiz og‘irlikdagi karbamid-formaldegid kontsentrati olish uchun istiqbolli texnologik jarayonlarni amalga oshirishni taqozo qilmoqda, – deydi MCHJ QK direktor o‘rinbosari Muhammadali Vafoyev. – KFK karbamid-formaldegid smolalarini ishlab chiqarishda formaldegid va karbamidning eng muhim manbalaridan biridir. Tarkibida bu murakkab muvozanat aralashmasi, jumladan, bog‘langan formaldegid, erkin formaldegid, suv va oz miqdordagi metanol va boshqa aralashmalar mavjud. Aynan shunday mahsulotdan foydalanish yopishqoq kompozitsiyalarni sintez qilish jarayonida zaharli oqova suvlarning shakllanishini butunlay yo‘q qilishga imkon beradi.  

[gallery-15816]

Korxonada yog‘och sanoati uchun formalin ham ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilayotgan formalinning katta qismi katalizatorlarda yuqori haroratda va atmosfera bosimiga yaqin bosimlarda metanolni kislorodli degidrogenlash yo‘li bilan olinadi. Bu mahsulot qog‘oz sanoatida qog‘ozning mustahkamligi va sifatini yaxshilashda, yog‘och sanoatida esa yopishqoqlikni oshirishga xizmat qiladi.  

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati korxonaning zamonaviy laboratoriyasida sinchkovlik bilan nazoratdan o‘tkaziladi. Barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan bo‘lib, mahalliy yoshlar tomonidan nazorat qilinadi. Ayni paytda 90 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari uran sanoati uchun ham yetkazib berilmoqda.  

Ayni paytda “JV Continaz” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan quvvati 80 ming tonnaga teng sianid natriy tuzlari ishlab chiqarish korxonasi qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha Prezidentimizning 2022 yil 10 oktyabrdagi “Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.  

Umumiy qiymati 88 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida har bir bosqichda 40 ming tonnadan 80 ming tonna, 15 ming tonna quruq va 65 ming tonna suyuq mahsulot ishlab chiqariladi. Hozir aksiyadorlik tijorat “Aloqa bank”dan olingan 10 million dollar miqdoridagi kredit evaziga uskunalar olib kelinmoqda. Loyiha joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 93 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari