Ijodkor ziyolilar O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Oxunjon Hakimovni milliy qo‘shiqchilik san’atiga o‘zining mukammal she’r va g‘azallari bilan munosib hissa qo‘shgan, nafis she’riyati bilan adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgan, ko‘plab shogirdlarga murabbiylik qilgan samimiy, oddiy, kamtarin inson sifatida yodga oladilar.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasida shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoira Farida Afro‘z, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, ustoz ijodkor, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ismoil Mahmud Marg‘iloniy, adabiyotshunos olim Suvon Meli va boshqalar Oxunjon Hakimov o‘tgan asrning 60-yillarida adabiyotimizga o‘zining betakror she’rlari bilan kirib kelgan, she’riyat, nasr, publitsistika, dramaturgiya kabi janrlarda samarali ijod qilgan qalamkash bo‘lganini ta’kidlashdi.
Muxlislarga qirqdan ortiq nazmiy va nasriy to‘plamlarni taqdim etgan Oxunjon Hakimov ijod ahlining peshqadam vakili sifatida qalam tebratgan edi.
Adabiyotshunoslar o‘z davrida Oxunjon Hakimov ijodiga yuksak baho berib, uni ijod dunyosiga yangicha ruh, yangicha nafas bilan kirib kelgan shoir sifatida e’tirof etgan edilar.
Uning ko‘plab she’rlari asosidagi qo‘shiqlar dunyo mamlakatlarini kezgan desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Zero, yurtimizdagi eng ko‘zga ko‘ringan hofiz va xonandalar Oxunjon Hakimov so‘zlarini kuyga solganlar. Shoir o‘zining shogirdparvarligi, yurtparvarligi, odamiyligi, mehr va saxovati, beg‘ubor qalbi bilan ko‘pchilikning hurmati, e’tiborini qozongan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oxunjon Hakimov 1935 yil 20 fevralda Farg‘ona viloyatining Log‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. 1956 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. «Dostonlar» (1970), «Ko‘llarim ko‘ksimda» (1976), «Tafakkur boqiy» (1982), «Vatan qasidasi» (1984), «O‘shal kun kelur» (1990), «Ko‘zlaringni o‘zi qaro» (1992), «Qizlar xayol sursalar» (1995), «Muhabbatni ko‘zlardan izlang» (1996), «Malaklar surati» (2004), «Dunyo, dunyo…» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

«Ko‘sh kabutarlar» (2001), «Baqiroq tuyaning tushlari» (2003), «Bu chollar yomon chollar» (2004) kabi pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan. Ijodkor «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

Istiqlol yillarida Oxunjon Hakimovning zahmatli mehnatlari yuksak qadrlanib, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Tadbirda ijodkorning “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Xiva bosqini” nomli kitobi xususida ham batafsil so‘z yuritildi.
Anjumanda Oxunjon Hakimov haqidagi yorqin xotiralar, uning betakror va serqirra ijodi xususida to‘xtalib o‘tildi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev (surat),
O‘zA