Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilindi.
Qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan senator va ekspertlar fikrlarini bildirib, qonun tashabbuskorlaridan yangi kiritilayotgan normalar yuzasidan tushuntirishlarni so‘radi.
Majlisda Mudofaa vazirligi tizimidagi ishlarga e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, qo‘shinlarning doimiy jangovar shayligini ushlab turish maqsadida joylarda mingdan ortiq to‘satdan tekshiruvlar o‘tkazilgan. Barcha amaliy mashg‘ulotlar va taktik o‘quvlar asosiy bosqichining 50 foizi real jangovar harakatlar dinamikasiga yaqinlashtirilgan holda tungi vaqtlarda o‘tkazilgan.
Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini tashkil etishda asosiy e’tibor batalon va divizionlarning avtonom tarzda jang olib borish qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish hamda xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish tadbirlari rejali amalga oshirilgan.
Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, shuningdek, bilim saviyasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 5 mingga yaqin muddatli harbiy xizmatchiga oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan.
Harbiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida Qurolli Kuchlar Akademiyasida harbiy pedagogika va psixologiya mutaxassisliklari bo‘yicha 2 yillik maxsus sirtqi ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘shinlarni yangi namunadagi qurol-aslaha va texnikalar bilan butlash, modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlari davom ettirilgan.
Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yil 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4 ming 74 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 ming 826 tasi ijobiy hal etilgan, 2 mingdan ortiq murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 243 tasi o‘rganib chiqilmoqda.
Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda 814 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingan va ularga tegishli amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.
Unda Prezidentimizning mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlash, mas’ul rahbarlarning bu boradagi shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etildi.
Fuqarolar murojaatlarida eng ko‘p ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har bir muammoli masala yuzasidan o‘z vaqtida hamda asosli munosabat bildirib borish hamda ichki nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rish kerakligi qarorda aks etdi.
N.Abduraimova, O‘zA