Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shimcha ta’lim xizmatlari o‘quv yili boshlanganidan so‘ng ixtiyoriylik asosida tashkil etilishi mumkin
12:54 / 2025-06-14

Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda “pullik sinf” larning tashkil etilishi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida qat’iy belgilab qo‘yilganidek, "davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlaydi." Mamlakatimizdagi umumta’lim maktablaridagi barcha darslar tasdiqlangan o‘quv rejaga muvofiq bepul amalga oshiriladi.

Maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Ushbu mezon Hukumatning 2019 yil 22 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizomda alohida qayd etilgan.

Pullik ta’lim xizmatlaridan topilgan byudjetdan tashqari mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga, qolgan qismi maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Eng muhimi, maktablarda tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlariga direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy tartibda jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2025-2026-o‘quv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan va ularning barchasi o‘quv rejadagi fanlardan bepul o‘qitilishi kafolatlanadi.

Qo‘shimcha ta’lim xizmatlari, eng avvalo ota-onalarning tashabbusi, ya’ni ular o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida o‘quv yili boshlanganidan so‘ng ixtiyoriylik asosida tashkil etilishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA