Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shimcha ravishda 11 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda
11:58 / 2021-06-21

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatidagi tashrifidan so‘ng qo‘shimcha ravishda yana 11 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan edi.

Ayni kunda manzilli dasturga kiritilgan umumta’lim maktablarida ta’mirlash-tiklash ishlari amal oshirilmoqda.  

Mazkur manzilli dasturga asosan, Vobkent tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi 420 o‘rinli o‘quv binosini mukammal ta’mirlash, ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinishga keltirish ko‘zda tutilgan.  

Umumta’lim maktabida ayni paytda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. "G‘ijduvon bunyodkor" ixtisoslashtirilgan ta’mirlash qurilish tashkilotining qo‘li gul ustalari tomonidan amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlariga jami 2 million 940 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.

– Har yili yog‘ingarchilik mavsumi yaqinlashganida, jamoamiz bilan tashvishga tushib qolardik, – deydi maktab direktori Sh.Saidova. – Negaki, ta’lim muassasamizning tom qismlari, deraza va eshiklari ancha eskirgan edi. Endilikda bu tashvishlarimiz ariydigan bo‘ldi. Amalga oshirilgan mukammal ta’mirlash ishlari natijasida sport zalimizning tom va pol qismi to‘liq ta’mirlandi. Ilgarilari qoplamalari ko‘chib, chang ko‘tariladigan sinfxonalarining pol qismlari ham yangilanmoqda. Bundan tashqari, maktabning issiqlik tizimi tubdan yangilandi. O‘quv binolarining fasadi to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy yoritish moslamalari o‘rnatildi. Endilikda ilm maskani hovlisi temir panjaralar bilan o‘ralib, eshik-derazalar zamonaviysiga almashtiriladi.

Bunyodkorlik ishlari maktabda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, pedagoglar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilishi va o‘quvchi-yoshlarning puxta bilim olib, jismonan sog‘lom voyaga yetishishiga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA