Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shimcha daromad manbai
08:10 / 2025-03-20

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joylarda quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi bojxona organlariga biriktirilgan.

Mazkur yo‘nalishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida tuzilgan ishchi guruh vakillari Ellikqal’a tumanidagi to‘qimachilik korxonasiga o‘rnatilgan quyosh panellarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Faoliyati bevosita elektr energiyasi bilan bog‘liq hamda unga talabi yuqori bo‘lgan mazkur korxonada 50kVt/soat quvvatdagi quyosh panellar o‘rnatilgan. Buning natijasida qishning oxirgi oylarida 5-6 million so‘m iqtisod bo‘lishga erishilgan. 

Ta’kidlash joiz, joylarda o‘rnatilayotgan quyosh panellarining statistikasini yuritish, haqqoniyligini tekshirish maqsadida Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Yashil energiya” axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, bojxona xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan ob’ektlarning ma’lumotlari tizimda tasdiqlanadi. Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 23 ming 446 ta tadbirkorlik sub’ektiga 15,43 MVt (megavatt), 4 ming 929 ta aholi xonadoniga 15,13 MVt quvvatdagi, 1 ming 136 ta ijtimoiy ob’ekt va davlat idorasiga 14,93 MVt quyosh panellari o‘rnatilgan. Umumiy hisobda hududda bugun soatiga 45MVt elektr energiyasini muqobil energiya manbalari ishlab chiqarmoqda. 

Ellikqal’a tumani Iqbol mahallasida istiqomat qiluvchi Sherzod Atamuratov xonadoniga 6 kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatgan. Oilaviy ehtiyoji sutkasiga o‘rtacha 20 kVtni tashkil etuvchi xonadon uni quyosh panellari hisobiga to‘liq qoplamoqda. Ehtiyojidan ortgan energiyani esa tarmoqqa yo‘naltirib, davlatga sotish orqali yiliga 7-10 million so‘m miqdorida daromad ham olmoqda. 

Muqobil energiya manbalarining amaliyotga keng joriy etilishi davlatimizda energiya taqchilligining oldini olishga xizmat qilib, qo‘shimcha daromad manbaiga ham aylanmoqda. 

          Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri