Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorovulbozorlik yosh ixtirochilar
10:13 / 2023-12-18

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 5-umumta’lim maktabi “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Ayni paytda ushbu ilm maskanida 300 nafarga yaqin o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Garchand olis va chekka hududda joylashgan bo‘lsa-da, ushbu ta’lim muassasasida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Maktabda tashkil etilgan “Yosh fiziklar” to‘garagi a’zolarining bir-biridan ajoyib ixtirolarini ko‘rib, bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz.  

– To‘garagimiz 20 nafarga yaqin texnikaga qiziquvchi o‘quvchilarni qamrab olgan, – deydi to‘garak rahbari, fizika fani o‘qituvchisi Nilufar Xudoyberdiyeva. – Mashg‘ulotlarimiz qiziqarli tajribalar va hayotiy misollar uyg‘unligida olib boriladi. Bunda o‘quvchilarga fizikaviy hodisalar va qonuniyatlarni sodda usullarda tushuntirishga harakat qilaman. Ayni paytda to‘garak a’zolarining har biri 2-3 tadan kichik loyihalar, ixtirolar muallifi.  

Ular orasida Amirxon Hoshimovning mobil o‘yinlarini masofadan boshqaradigan moslamasi, Hayotjon Rafiyevning qo‘lbola sharbat chiqargichi, Sevdiyor Samadovning “Aqlli uy” loyihasi, Azizbek Hamroqulovning “Quvnoq robot”i, Shoxjahon Ashurovning “Aqlli issiqxona” maketini alohida e’tirof etish joiz.  

– O‘quvchilarimizning qiziqishlari, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlarini yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratamiz, – deydi maktab direktori Zebiniso Sayfullayeva. –Ayni shu maqsadda maktab miqyosida “Ixtirolar tanlovi”ni o‘tkazish an’anaga aylangan. Ushbu tanlov orqali har yili o‘nlab ixtirochi, ijodkor o‘quvchilar kashf etiladi. Bundan tashqari, Buxoro davlat universitetining Fizika fakulteti bilan ham yaqin hamkorlik asosida fizikaga qiziquvchi o‘quvchilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘yganmiz. 7-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Ochiq fizika olimpiadasi” ana shu hamkorlikning samarali natijasidir.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri.