Navro‘z bayrami arafasida Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 430 o‘rinli boshlang‘ich sinflar tahsil olayotgan binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Tumanda “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yilgi ikkinchi mavsumi natijalariga ko‘ra, aynan 1-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinflar tahsil olayotgan binosini kapital ta’mirlash bo‘yicha kiritgan taklifi ta’lim dargohi jamoasining faolligi evaziga g‘olib deb topilgan edi. Shunga ko‘ra, 430 o‘rinli mazkur boshlang‘ich sinflar o‘quv binosi o‘tgan oylarda kapital ta’mirdan chiqarildi.

Jumladan, binoning tom qismi profnastil, ya’ni tunuka shifer bilan qoplandi. Elektr ta’minotida allaqachon yaroqsiz holga kelgan kabellar yangisiga almashtirilib, xonalardagi chiroqlar soni ko‘paytirilgan. Bundan tashqari, binoning ichki va tashqi devor qismi suvoqdan chiqarilib, pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Navro‘z bayrami arafasida maktabning o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.Ochilish marosimida tuman hokimi Akmal Ostonov va jamoatchilik vakillari, faxriy pedagoglar ishtirok etib, yoshlarga o‘zlarining samimiy tabrik va tilaklarini bildirib, yurtdoshlarimizni Navro‘zi ayyom– nafosat va yangilanish, go‘zallik bayrami bilan muborakbod etdi.


Tadbir Navro‘z bayrami shodiyonalariga ulandi. Unda barkamol avlod vakillari, maktab o‘quvchilari tomonidan ijro qilingan kuy, qo‘shiq va maftunkor raqslar barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri