Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorovulbozorda qovun pishdi
12:13 / 2022-06-10

Buxoro viloyatining eng yosh va chekka Qorovulbozor tumani mirishkor dehqonlar yurti. Mehnatkash va halol, fidoyi dehqonlar peshona teri evaziga rizq undirib, el-yurt dasturxoni to‘kinligini ta’minlashda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda.

Tumanda may oyining o‘rtalarida qovun pishdi. Ayni kunda ta’mi til yorar va xaridorgir qovunlar tumanning 1-sektor hududiga qarashli “Navbahor” mahallasida yetishtirilmoqda. Pishib me’yoriga kelganlari peshma-pesh iste’molchilarga yetkazilmoqda.

– O‘zimizning tomorqamizda har yili turli xildagi poliz mahsulotlarini yetishtirib, yiliga 60-70 million so‘m qo‘shimcha daromad olmoqdamiz, – deydi 30 yildan oshiq qovun yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan tajribali dehqon Ibrohim Muhammedov. – Tomorqamizga ertapishar qovun navini ekkanmiz. Hosil may oyining o‘rtalarida pishib yetildi. 

Dehqonlarning aytishicha, hududda joriy yilning fevral oyidan boshlab qovun parvarishiga kirishilgan. Bunda asosan “Dakara” va “Aeroport” navlari tanlangan.  Qorovulbozor dalalarida ayni kunlarda qovun bilan birgalikda tarvuz ham pishmoqda.

– Avvaliga urug‘lar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida o‘stirib olinadi, – deydi yana bir qorovulbozorlik dehqon Yusuf Beshimov.

– Bo‘yi me’yoriga yetgan ko‘chatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qo‘llash orqali ertaki hosil olish imkoniyati oshadi.

 

Zarif Komilov, O‘zA