Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorovulbozorda parrandachilik korxonasi ish boshladi
10:56 / 2022-03-09

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Navbahor” MFYda "VIGOUR EXPORT" MCHJda parrandachilik tarmog‘i faoliyat boshladi.

Natijada qiymati 7 milliard 450 million so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu sarmoyaning 2 milliard so‘mi tadbirkorlik sub’ekti, ya’ni Anvar Rahmonov boshliq mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyatining o‘z mablag‘idir.

— Tashabbusimiz va biznes loyihamiz qo‘llab-quvvatlanib, bizga o‘tgan yil boshida “Navbahor” MFYda tashlandiq yotgan bo‘sh joydan 5 gektar ajratib berildi, – deydi Anvar Rahmonov. — Bu maydonda Xitoy texnologiyasi asosida 7 ta tovuqxona pavilonini barpo etdik. Ularning har birida 50 ming boshdan “Loman Sendi” zotiga mansub parranda parvarishlashni ko‘zlaganmiz. 2021 yil noyabr oyida birinchi pavilon qurilishini bitkazdik. Jihozlab, 50 ming bosh tovuqni xarid qilib boqishni boshladik. Fevral oyiga kelib bu tovuqlar tuxumga kirdi. Kuniga 37 ming donaga yetkazib, ya’ni 70 foizidan ortiq tuxum olishni boshladik. Tuxumni tuman bozorida sotishni boshlaganimizda, qo‘shni Qashqadaryo va hatto Xorazm viloyatlaridan xaridorlar chiqqani bizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, ishimizni kengaytirishga rag‘bat uyg‘otdi.

Bir dona tuxum narxini o‘rtacha 800 so‘mdan hisoblaganda ham "VIGOUR EXPORT" da qo‘lga kiritilayotgan bir kunlik daromad 30 million so‘mga yetmoqda. Demak, bunda mehnat qilayotgan 11 nafar ishchining moddiy manfaatdorligi, ish haqi oyiga 2 million so‘m. Tovuqxonada yana mavsumiy ishlaydigan 20 nafar ko‘makchiga ehtiyoj bor.

Tadbirkor va uning jamoasi shu yil oxirigacha har birida 50 ming bosh tovuq parvarishlanadigan yana 2 ta pavilonni qurib, foydalanishga topshirishni ko‘zlagan. Bu ish ro‘yobga chiqishi bilan yana ish o‘rni yaratilib, har bir tovuqxona pavilonidan oyiga 300 million so‘mdan oshirib daromad qilish imkoniyati yaratiladi.

Tumanda parrandachilik tarmog‘i 2019 yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda parranda soni 79 ming 379 boshni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 82 ming 105 boshni yoki 103 foizni, 2021 yil yakuni bilan esa barcha toifadagi sub’ektlarda parranda bosh soni 83 ming 600 boshni tashkil etdi. Tuxum yetishtirish ko‘rsatkichi ham mos ravishda o‘sib bormoqda. 2018 yildan boshlab barcha toifadagi xo‘jaliklarda yiliga 5 million 733 ming dona tuxum olingan bo‘lsa, bu miqdor 2019 yilda 8 million 921 ming dona, 2020 yilda 9 million 274 ming dona, 2021 yilda esa qariyb 9 million 400 ming donadan oshirilgan.

Qorovulbozorlik aholi ixtiyoridagi mavjud parranda bosh sonidan kelib chiqib, har bir xonadonda kamida yuz bosh tovuq yoki kurka boqilishini ta’minlashga e’tibor qaratilgani holda yaqin oylarda tuman xo‘jaliklarida parranda bosh sonini 90 ming boshga, tuxum ishlab chiqarish hajmini 10 million donaga yetkazish maqsad qilingan.

Zarif Komilov, O‘zA