Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani g‘allakorlari belgilangan marrani zabt etdi. Belgilangan rejaga nisbatan ming tonnadan ko‘proq, aniqrog‘i, 13 ming 525 tonna o‘rniga 14 ming 545 tonna xirmon barpo qilindi.
Davlat rahbari tomonidan yaratib berilgan sharoitlar, tizim asosida moddiy resurslarni, ya’ni mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash materiallari va talab etiladigan mablag‘ni to‘liqligicha o‘z vaqtida yetkazib berilgani hamda viloyatning boshqa hududlaridan o‘rim kombaynlari yordamga yuborilganligi g‘alla bo‘yicha davlat shartnomaviy rejani viloyatda birinchi bo‘lib bajarilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
E’tiborli jihati, bu yilgi mavsumdan g‘allaning davlat xarid narxi bozor bahosiga tenglashtirilgani fermerlar moddiy manfaatdorligini oshirmoqda. Davlatga sotilayotgan sara dondan tashqari, hosilning salmoqli qismi jamoalar ixtiyorida qolayotgani ham katta xirmonga hissa qo‘shayotgan har bir mehnatkash uchun sof foyda deganidir. Joriy yilda “Jarqoq”, “Navbahor”, “Bo‘zachi” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Bukhara Agro cluster” hamda “Ark Eco Tekstil” klasterlari tasarrufidagi 157 ta fermer xo‘jaligida asosan “Starshina”, “Plovchanka” navlari bilan birga “Asr”, “Grom”, “Krasnodarskaya – 99” kabi istiqbolli navlar sinovdan o‘tkazildi.
Shu kecha-kunduzda esa Qorovulbozor dalalarida o‘rim shiddati hamon baland. Hali o‘rilmagan g‘alla maydonlari ham anchagina. Buning uchun oltinday tovlanayotgan g‘allazorda mahalliy 9 ta zamonaviy kombayn va boshqa tumanlardan hasharga yetib borgan 61 ta yuqori unumli kombayn ekipaji va hosilni tashishda 80 dan ortiq maxsus texnika va mexanizmlar kuchidan foydalanilmoqda. Kunlik hosil hududdagi “Qorovulbozor” hamda “Jarqoq” don qabul qilish maskanlarida saranjomlanmoqda. Yangicha tizimga muvofiq, joriy mavsum yetishtirilgan sara donning 21,9 foizini, ya’ni qariyb 3 ming tonna bug‘doyni birjada erkin narxda sotish, qolgan 11 ming tonnadan ortiq, ya’ni 78,1 foizga teng bug‘doyni don korxonalariga sotish ko‘zda tutilgan.
Mehnat muvaffaqiyati qo‘lga kiritilgan shu kunlarda qorovulbozorlik g‘allakorlarning har gektardan olayotgan daromadi o‘rtacha 25 million so‘mni tashkil etmoqda. Xususan, “Navbahor” MFY da faoliyat yuritayotgan “Nazir Dilshod”, “Istiqlol”, “Bo‘zachi” MFY da ish yuritayotgan “Zamir Amon” , “Bo‘zachi”, “Navbahor” MFY dan “Haydar polvon”, “Sardor Qorovulbozor” , “Jarqoq” MFY dan “Umar Sharif” , “Istam Safar zamini” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklarida barakali hosil yetishtirildi.
– Bu yilgi mavsumda 52 gektar yerga “Starshina” navli baraka urug‘ini qadab, bugunga kelib 130 tonna o‘rniga 147 tonna sara don sotib, davlat shartnoma rejasini birinchilardan bo‘lib bajardik, – deydi Navbahor mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Jumabobo” fermer xo‘jaligi rahbari Roziya Aynazarova. – Bugun xo‘jalik yalpi xirmoni 200 tonnadan oshdi. Ammo hali dalamizda 15 gektar g‘alla yerini o‘rib olish harakatidamiz. Bu degani umumiy xirmonga yana 80 tonna atrofida g‘alla qo‘shamiz. Birgina g‘allachilik tarmog‘idan shu mavsumda qo‘lga kiritayotgan daromadimiz salmog‘i 600 million so‘mdan kam emas. Bu foydani xo‘jaligimizdagi o‘ndan ortiq ishchimiz moddiy manfaatdorligiga, qolaversa, texnika parkini kengaytirishga sarflaymiz. Yaqin oyda xo‘jaligimizga yangi traktor sotib olmoqchimiz. Qolaversa, o‘g‘limizni uylantirib, kelin tushirish taraddudidamiz.
Hududda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom etmoqda. Mirishkorlar bu yil har gektar g‘alla hosildorligini 70 sentnerga yetkazish va pirovardida barpo etilayotgan umumiy xirmon salmog‘ini 18 ming tonnadan oshirish niyatida. Shu bilan birga, o‘rilgan g‘allazorlarni somondan tozalash, shudgorlash va ekin ekishni boshlash jarayonlari ham qizg‘in kechmoqda.
Asosan, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga sabzavot, poliz, dukkakli, moyli, ozuqa ekinlari ekilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA