French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorning agronomik ahamiyati qanday?
15:33 / 2026-01-28

Qishloq xo‘jaligida qor tabiatning muhim ne’matlaridan biri hisoblanadi. U yerni namlik bilan ta’minlaydi, tuproqni qattiq sovuqdan himoya qiladi hamda bahorgi hosil uchun qulay sharoit yaratadi. Shuning uchun ham qorning o‘z vaqtida yog‘ishi dehqonchilik va bog‘dorchilik rivoji uchun katta ahamiyatga ega.

Ma’lumki, qish mavsumida dalalarda faol agrotexnik ishlar vaqtincha to‘xtaydi. Biroq bu sukunat ostida qishloq xo‘jaligi uchun nihoyatda muhim jarayonlar davom etadi.

Soha vakillarining so‘zlariga qaraganda, qor oddiy yog‘ingarchilik emas. U o‘z vaqtida va yetarli miqdorda yog‘sa, qishloq xo‘jaligi uchun chinakam baraka manbai hisoblanadi. Ko‘pincha amaliyotda “10:1” qoidasi qo‘llanilib, 10 sm. qor 1 sm. suyuq suvga teng deb qaraladi. Ammo amalda qorning zichligi va namligi turlicha bo‘ladi. Ayrim hollarda qor quruq, yengil va paxmoq bo‘lib, suv miqdori kam bo‘ladi. Ba’zan esa qor ho‘l va og‘ir bo‘lib, atigi 3-5 sm. qor 1 sm. suyuq suvga teng kelishi mumkin. Ana shu farq keyingi mavsumdagi hosildorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Qor tuproq uchun tabiiy himoya qatlami vazifasini bajaradi. Hatto −15−20°S sovuqda ham qor ostidagi tuproq harorati taxminan 0°S atrofida saqlanib qoladi. Bu esa kuzda ekilgan bug‘doy, arpa, sholi kabi qishki ekinlarni sovuq urishidan himoya qiladi va ularning nobud bo‘lishining oldini oladi. Shuningdek, qor qatlami tuproq yuzasini shamol va suv eroziyasidan ham muhofaza qiladi. Shuningdek, qor tuproqni faqat namlik bilan emas, balki atmosfera tarkibidagi azot, nitrat va ammoniy bilan ham boyitadi. Ushbu moddalarning qor bilan tuproqqa singishi ekinlar uchun tabiiy ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Erta bahorda, ayniqsa, suv ekvivalenti yuqori bo‘lgan qorning asta-sekin erishi natijasida tuproq yetarli darajada namlanadi. Bu esa o‘simliklarning ildiz tizimi rivojlanishi va yuqori hosildorlikni ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA