Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududida joylashgan “Sijjak” mahallasida aholining ehtiyojmand qatlamiga manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Qish faslida yo‘llar qalin qor bilan qoplanib, qatnov murakkablashishiga qaramay, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish o‘z vaqtida bajarilmoqda.
Mahallada yashovchi Xayrullo Pirmetov oilasida uch nafar farzand bor. Ularning kenjasi Umidjon Izzatullayevda tug‘ma nogironlik borligi sabab, maktabga bir yil kech borgan. Uning ta’lim olishini ta’minlash maqsadida ijtimoiy xodim tomonidan psixologik yordam ko‘rsatilib, hududdagi 125-umumta’lim maktabidan o‘qituvchi jalb qilindi.

Shuningdek, bolaning onasi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uy sharoitida harakatlanishi uchun tayanch moslama, tashqarida yurishi uchun esa elektron arava bilan ta’minlandi.
Mahallada istiqomat qiluvchi Hilola Turg‘unboyeva oilasi ham ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganildi. Hilola opa 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Unga psixologik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi. Uyida 80 yoshli ota-onasi istiqomat qilgani bois, ularga qarab turish uchun tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, Hilola opa faol hayotga jalb etilib, adaptiv sport bilan shug‘ullanishi yo‘lga qo‘yildi.

Ijtimoiy loyiha doirasida unga tikuvchilik bilan shug‘ullanish va shogird tayyorlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Kundalik ehtiyoji uchun kerak bo‘layotgan tirsakli qo‘ltiq tayoq berildi. Bugungi kunda u shogirdlar tayyorlamoqda, holati esa ijtimoiy xodim tomonidan doimiy nazoratda.
Sijjak mahallasida yashovchi Jo‘raboy Abdullayev esa 1-guruh nogironligi bo‘lgan, doimiy parvarishga muhtoj fuqaro hisoblanadi. Unga hamshira yollandi va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Oilasidagilar tomonidan parvarish qilinishi bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, sayr qilishi uchun maxsus arava bilan ta’minlandi.

– Bizning vazifamiz faqat hujjat rasmiylashtirish yoki yordam yetkazish bilangina cheklanmaydi. Eng muhimi, insonni tinglash, uning dardini tushunish va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir. Ba’zan birgina e’tibor, bir og‘iz iliq so‘z ham katta tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli ham kasbimdan faxrlanaman, – deydi Sijjak mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Parvina Ashurmetova.
Tog‘li hududda joylashgan mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni bajarish oson emas. Parvina Ashurmetova qorli kunlarda ot minib, chekka xonadonlarga borib, ehtiyojmand fuqarolarga zarur ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.
A.Musayev, O‘zA.