Surxondaryo viloyatidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasining “Xatak” bo‘limi “Oltikunlik” massivida O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan ikki bosh burama shoxli echki (morxo‘r)ni g‘ayriqonuniy ovlagan shaxslarning huquqbuzarligi fosh etildi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, reyd chog‘ida qo‘riqxona hududida qurol bilan harakatlanayotgan uch fuqaro tabiat jonkuyarlarida shubha uyg‘otib, ularning harakati zimdan kuzatiladi. Toshloq va tik qiyaliklarda qaltis harakatlanayotgan noqonuniy masofadan binokl va mobil vositalar yordamida nazoratga olindi. Shubhali shaxslar to‘xtab dam olayotgan hududga yetib borilganida O‘zbekiston “Qizil kitobi” va Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish ittifoqining CITES “Qizil” ro‘yxatiga kiritilgan kam uchrovchi ikki bosh burama shoxli echki-morxo‘r ovlanib, so‘yilayotganligi aniqlandi. Noyob jonivor kushandalari voqea joyida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinib, so‘yilgan hayvon qoldiqlari Termiz davlat universiteti qoshidagi “Sud-zoologik” ekspertizasidan o‘tkazildi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, jonivorlar bir va uch yosh atrofidagi erkak va urg‘ochi morxo‘r ekani tasdiqlandi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Sherobod tumanidagi Katta hayot mahallasida yashovchi Xolbo‘ta Shodiyev, Xurram Raimov va Vandob mahallasida istiqomat qiladigan Vali Mutalov (ism-shariflar o‘zgartirildi) bu qilmishi bilan “Qizil kitob”dagi hayvon – ikki bosh morxo‘rni qo‘riqlanadigan hududda ovlab, tabiatga 1,5 milliard so‘m zarar yetkazgan. Bu miqdor tegishli tartibga muvofiq uch baravar ko‘paytirilsa yetkazilgan zarar naqd 4,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mutaxassislarning aytishicha, morxo‘r O‘zbekiston va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan tog‘ echkilari urug‘iga mansub noyob hayvon hisoblanadi. Uni nobud qilish Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovgacha surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri