“Surxon” davlat qo‘riqxonasida o‘txo‘r jonivorlar uchun 10 tonnadan ortiq tuz tarqatildi.
Mutaxassislarning aytishicha, qish va erta bahorda baland tog‘lardagi yovvoyi hayvonlarning ozuqa, shu jumladan, tuzga bo‘lgan talabi ortadi. Bu davrda qo‘shimcha tuz bilan ta’minlash ularning qulay hayot sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi. O‘txo‘r hayvonlar uchun tabiiy ozuqa muvozanatini saqlaydi.

Sherobod tumanidagi Qo‘hitang tog‘ yonbag‘rida dengiz sathidan 850 metrdan 3 ming 137 metrgacha balandlikda joylashgan “Surxon” davlat qo‘riqxonasi 23 ming 800 gektardan ortiq yer maydoniga ega. Maftunkor go‘sha nafaqat o‘simlik, balki hayvonot dunyosiga ham boy.

Biotexnik tadbirlar jonivorlarning oziq-ovqat muvozanatini tartibga solib, tabiiy ekotizim barqarorligini saqlamoqda. O‘txo‘r hayvonlarda bahorgi mineral moddalar yetishmovchiligining oldini olmoqda. Qo‘riqxona hududida tuz va boshqa mineral qo‘shimchalar tarqatilayotgani yovvoyi hayvonlarni sog‘lom rivojlantirib, muhofaza qilishga ko‘maklashayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.


Noyob hayvonot olamiga ega qo‘riqxonada 190 dan ortiq turdagi jonivor uchraydi. Hayvonlarning 25 turi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri