French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘riqlash xizmati xodimlari xizmatga shay
11:18 / 2026-02-02

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil etildi.

Dastlab soha mutaxassislari tomonidan qo‘riqlash xizmati afzalliklari, zamonaviy qo‘riqlash signalizatsiya uskunalaridan foydalanishning muhim jihatlari, tezkor harakatlanish guruhlari faoliyati  haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklari qo‘riqlanishini ta’minlab borish maqsadida soha  xodimlari tomonidan kecha-kunduz davomida xizmat yo‘lga qo‘yilgan.  Hozirgi kunda qo‘riqlash xizmati tomonidan respublikada jami 6 ming 278 ob’ekt hamda 3 ming 940 nafar fuqaroning xonadoni qo‘riqlab kelinmoqda.  

Shu bilan bir qatorda hududdagi 525 ta ko‘p qavatli uyning kirish eshigi oldida tashvish tugmalarini o‘rnatish orqali 27 ming 342 nafar  fuqaro xonadonining himoyasi qamrab olingan. O‘tgan 2025 yilning o‘zida amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari natijasida 3 ming 462 ob’ekt va 4 ming 73  nafar fuqaro xonadoni himoyaga olindi. Hozirgi vaqtda respublikaning barcha shahar va tumanlarida qo‘riqlash xizmati texnik qo‘riqlash markazlarining xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 29 ta tezkor harakatlanish guruhi ekipaji kecha-kunduz xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur ekipajlar 50 tadan ortiq  turli rusumdagi avtotransport vositasi bilan ta’minlangan.

Xizmat ko‘rsatuvchi tezkor harakatlanish guruhlari naryadlarining barchasi to‘liq qurol-yarog‘ va maxsus uskunalar, shuningdek, kuzatuv kameralari ya’ni avtoregistrator hamda bodikameralar bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning har bir harakati va xizmati monitoring markazi dispetcherlari tomonidan nazorat qilib turiladi. Shu yil boshidan tezkor harakatlanish guruhlari xodimlari tomonidan qo‘riqlanadigan ob’ektlarda 4 o‘g‘irlik jinoyati, shuningdek, ko‘chalarda patrullik qilish davrida ko‘cha va jamoat joylarida tartibni buzgan, mast holatdagi jami 221 huquqbuzarlik holatining oldi olinib, bu shaxslar tegishli tartibda Ichki ishlar bo‘limlariga topshirildi. Shuningdek, IIB xodimlari bilan hamkorlikda qidiruvda bo‘lgan 4 nafar shaxs ushlanib, 2 ta holatda narkotik moddani aniqlashga erishildi.

Qo‘riqlash xizmatini yanada takomillashtirish, fuqarolar va ularning shaxsiy mulklari xavfsizligini ta’minlash borasida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 27 yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini o‘rganib, ularning xavfsizligini ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidladi. Qolaversa, Prezidentimizning 2025 yilning 28 noyabr kuni “Ichki ishlar organlarining qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shu asosda joriy yil davomida 1 ming 80 ob’ekt, 10 ming nafar fuqaro xonadonini, 480 ko‘p qavatli uyning pod’ezdlariga qo‘riqlash signalizatsiya vositalari va tashvish tugmalarini o‘rnatib, tezkor harakatlanish guruhlariga ulash belgilangan. Qo‘riqlanadigan ob’ektlar sonining ortishi hisobiga ularga xizmat ko‘rsatuvchi, ko‘chalarda patrullik xizmatini olib boruvchi tezkor harakatlanish guruhi ekipajlari soni 5 taga ko‘paytirilib, ularni 34 ga yetkazishni va shu orqali ob’ekt va fuqaralar xonadonlari qo‘riqlanishi hamda fuqarolarning xavfsizligi ta’minlanishini yanada oshirish maqsad qilingani qayd etildi.

Hozirda ushbu yo‘nalishdagi ishlar boshlanib, joriy yil boshidan 100 dan ortiq turli ko‘rinishdagi ob’ekt va 200 nafarga yaqin fuqaro xonadoni qo‘riqlash uskunalari bilan ta’minlanib, texnik-qo‘riqlash markazlari qo‘riqxonasiga ulandi.

Media-tur ishtirokchilari fuqarolarni qabul qilish xonasi, Qo‘riqlash xizmati tarixi yuzasidan tashkil etilgan muzey eksponatlari, monitoring markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Tadbir yakunida soha bilan yaqindan hamkorligi uchun bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash xizmatining tashakkurnomasi topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri