French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qo‘riqlash servis” korxonasi o‘quv markazlarida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bepul o‘qitilmoqda
17:10 / 2021-09-25

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash bosh boshqarmasi tarkibida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Qo‘riqlash servis” davlat unitar korxonasi o‘quv markazida ish bilan band bo‘lmagan yoshlar uchun o‘quv kurslari tashkil etildi.

“Qo‘riqlash servis” davlat unitar korxonasi Milliy gvardiya qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlanadigan va jismoniy hamda yuridik shaxslarning barcha turdagi ob’ektlariga qo‘riqlash uskunalari va jihozlarini o‘rnatish, montaj, demontaj ishlarini amalga oshiradi. Shuningdek, ushbu sohada malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Bugungacha o‘quv markazida qariyib 200 ga yaqin  yosh o‘qib chiqdi.  

O‘quv markazida ob’ektlardagi qo‘riqlash va yong‘indan ogoh etuvchi signalizatsiya vositalarini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish, kuzatuv kameralarini nazorat qilish hamda qo‘riqlov jixozlarini demontaj qilish borasida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Yoshlar bu yerda zarur bilim va tajribalarni olish bilan birga ma’lum bir kasbga ega bo‘lishmoqda.  

–O‘zbekiston qo‘riqlash xizmatida birinchi marta qiziqarli ijodiy ruhga ega bo‘lgan  o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – dedi Milliy gvardiya qo‘riqlash bosh boshqarmasi “Qo‘riqlash servis” davlat unitar korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Isak Xaxam. –Bu yerda qo‘riqlash xizmati xodimlari malakasi oshiriladi va ishga yangi qabul qilinganlar o‘qitiladi. 

Shuningdek, hozir ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni ham  mazkur o‘quv kurslariga  qabul qilib  o‘qitmoqdamiz.  O‘quv kurslarini bitirgan yoshlarimizga maxsus sertifikatlar beriladi va o‘z safimizga ishga qabul qilamiz.  Mazkur tajriba hozircha, boshqa joylarda uchramaydi. Shu bilan birga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ham kasbga o‘rgatayapmiz. Ular kompyuter, kuzatuv kameralarini tuzatish va o‘rnatish kabilarni  o‘zlashtirishmoqda.  

Shuningdek, joylardagi “Qo‘riqlash servis” davlat unitar korxonalarida   Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu sohaga qiziquvchi Mehribonlik uylarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari  hafta davomida  malakali mutaxassislar tomonidan bilim va ko‘nikmalar olishmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA