Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda
13:42 / 2025-12-23

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni asrash va yovvoyi hayvonlar populyatsiyasini barqaror saqlash ekologik siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda muntazam ravishda biotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi qish mavsumida yovvoyi hayvonlarni qo‘llab-quvvatlash, og‘ir ob-havo sharoitlarining tabiiy ekotizimlarga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda biologik muvozanatni saqlab qolishdan iborat. Bu kabi ishlar “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Zomin davlat qo‘riqxonasi, Zomin milliy tabiat bog‘i, Xorazm milliy tabiat bog‘i va mamlakatimizning boshqa qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarida izchil ravishda olib borilmoqda.

Biotexnik tadbirlar doirasida mutaxassislar tomonidan yovvoyi hayvonlar uchun maxsus ozuqa maydonchalari tashkil etilib, ularga muntazam xizmat ko‘rsatilmoqda. Qish mavsumida hayvonlarni qo‘shimcha oziqlantirish ishlari amalga oshirilib, shu bilan birga ularning tabiiy ozuqa bazasini saqlab qolish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, qo‘riqlanadigan hududlarda doimiy ekologik monitoring yo‘lga qo‘yilgan. Jarayon davomida hayvonlarning faolligi kuzatiladi, ozuqa maydonchalaridan foydalanish darajasi o‘rganiladi hamda tabiiy muhitning umumiy holati baholanadi. Bu esa mavjud vaziyatni xolis tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, ob-havo sharoitlari va boshqa tashqi omillarning ekotizimlarga ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Zarurat tug‘ilganda biotexnik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida ish rejalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Olingan ma’lumotlar kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlarni rejalashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA