Andijon shahridagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi gandbol musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov, viloyat mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi o‘rinbosari Muhammadjon Nishanov va boshqalar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-19997]
17-30 yoshli mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan gandbol musobaqasining viloyat bosqichida 16 ta tuman, shahar jamoasi ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Qiziqarli bahslar asosida o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumani gandbolchilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqada ikkinchi o‘rin Paxtaobod tumani, uchinchi o‘rin esa Jalaquduq tumani gandbolchilariga nasib etdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari