Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘rg‘oni Vardonze sayyohlarni chorlaydi
14:45 / 2023-09-29

Tarixiy manbalarga ko‘ra, “Shofirkon” atamasining kelib chiqishi Vardonze qo‘rg‘oni paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Bu haqda X asrda yashab o‘tgan tarixchi olim Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida qayd etilgan.

Manbalarda qadimiy “Vardonze” nomi — “Vardana”, “Vardani”, “Vardanze”, “Varzanze” tarzida uchraydi. Qo‘rg‘onning uzunligi 110 metr, kengligi 60-70 metr, balandligi 45-50 metr.

–Shofirkon viloyat shimolida joylashgan, –deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari Dilorom G‘afforova. – Tumanda tarixiy va me’moriy yodgorliklardan Vardonze qo‘rg‘oni, Xoja Orif Mohitobon (Revgariy) maqbarasi va Jome masjidi, Hazornur qadamjosi, Toshmasjid, Burqi Sarmast, Childuxtaron, Qo‘chqor ota, G‘oyib ota, Bibi Kabudpush, Sayid ota ziyoratgohlari mavjud. Tuman 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Demakki, shu kunlarda tuman tashkil topganiga 97 yil to‘lyapti.

[gallery-13793]

Qo‘rg‘oni Vardonze tabiatining o‘ziga xosligi, fayzli go‘shalari, arxeologik qazilmalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etadi.

–Vardonze – noyob qo‘rg‘on, – deydi arxeolog olim, tarix fanlari nomzodi Jamol Mirzaahmedov. –U Buxorodagi boshqa shunday madaniy meros ob’ektlaridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Qo‘rg‘on atrofida qadimda dushmandan himoyalanish maqsadida suv havzasi barpo etilgan. Qal’aga kirish uchun yashirin yer osti yo‘llari bo‘lgan. Yodgorlikdan topilayotgan osori-atiqalar ham ajdodlarimiz aql-zakovatidan darak beradi.

Xalqaro turizm kuni munosabati bilan Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Qo‘rg‘oni Vardonze” yodgorligi joylashgan hududda o‘tkazilgan festival davomida milliy liboslar, urf-odatlar, taomlar va kashtachi-hunarmandlar ko‘rgazmasi, folklor dastalarining chiqishlari, dorbozlar, polvonlar musobaqalari, sport va xalq o‘yinlari tashkil etildi. Ayniqsa, palov hamda xonatlas sayli marosimlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.