Sirdaryo viloyatida hokimlik, Yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Madaniyat va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan “Qorbobolar karvoni” loyihasi doirasida Yangi yil bayrami arafasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar bolajonlar o‘rtasida bayramona kayfiyatni oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Loyiha doirasida navbatdagi tadbir Boyovut tumanida tashkil etildi. Unda 50 nafar bolajonga Yangi yil sovg‘alari topshirilib, bayramona madaniy dastur namoyish qilindi. Tadbir davomida quvnoq kuy-qo‘shiqlar, sahnaviy chiqishlar hamda ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar ko‘rsatildi.
Shuningdek, bayram tadbirlari tuman markazidagi bosh archa atrofida davom ettirilib, unda aholi vakillari, ota-onalar hamda bolajonlar faol ishtirok etishdi.

Eng muhimi, “Qorbobolar karvoni” doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlar ham o‘tkazildi. Xususan, Boyovut tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limida davolanayotgan 60 nafar bolajonga Yangi yil munosabati bilan esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Farzandim Yangi yilni shifoxonada bitta emas, balki ko‘plab Qorbobolar bilan kutib oladi, deb o‘ylamagandim, – deydi bolalar bo‘limida davolanayotgan bolaning onasi Malohat Bekmurodova. – Kichik e’tibor ham katta quvonch ulashar ekan. Bu nafaqat farzandimga, balki shifoxonada davolanayotgan barcha xastahol bolajonlarga shodlik baxsh etdi. Buning uchun tashkilotchiladan cheksiz minnatdorman. Eng muhimi, shifoxonada bo‘lishimizga qaramay, Yangi yilni quvonch, shodlik va bayramona, esda qolarli hamda qiziqarli tarzda kutib oldik.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri