Bugun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Alp Er To‘nga avlodlari – Qoraxoniylar: Turkiy dunyo va Islom olami Qoraxoniylar davrida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Toshkent xalqaro universiteti hamda O‘zbekiston milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur anjuman turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, Qoraxoniylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib etish va o‘sha davr bilan bog‘liq maskanlarni “Tabarruk ziyorat” loyihasiga kiritish maqsadini ko‘zlagan.
Konferensiyada TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev, shuningdek 50 dan ortiq universitet rahbarlari, yuzdan ziyod olim ishtirok etdi.
Munozara davomida Qoraxoniylar davrining siyosiy, madaniy, diniy va ilmiy jihati, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yassaviy singari mutafakkirlar merosi, Qur’onning turkiyga ilk tarjimalarining ahamiyati mavzulari diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuv doirasida “Tabarruk ziyorat loyihasini rivojlantirish va Alp Er To‘nga merosi” mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4jYP53PVSFA" title="Qoraxoniylar davriga sayohat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Davronov (video),
Nosirjon Xaydarov (foto), O‘zA