Qoraqalpoq yoshlari mardlik va jasoratni harbiylardan o‘rganmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida vatanparvarlikni madh etuvchi konsert dasturlari, qurol va harbiy texnikalar bilan tanishuv, harbiylarning qiziqarli chiqishlari hamda sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida vatanparvarlikni madh etuvchi konsert dasturlari, qurol va harbiy texnikalar bilan tanishuv, harbiylarning qiziqarli chiqishlari hamda sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlarda minglab qoraqalpoq yoshlari ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini odat qilganini, hayotiy pozitsiyalari mustahkam ekanligini isbotlashdi.
Vatanparvarlik karvonlarining safari davomida o‘tkazilgan “Mardlik va jasorat darslari”da 2019 yilda Xalqaro armiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, mamlakatimizga medallar olib kelgan hamda davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan harbiy mutaxassislar yoshlarga muvaffaqiyatlarining sirlarini ochib berishdi. Tinimsiz mehnat va vatanga bo‘lgan kuchli muhabbat bilan har qanday mashaqqatlarni yengib kelishayotgani haqida aytishdi. Jonli muloqot va savol-javobga boy o‘tgan tadbirlar davomida harbiy xizmatchilarga qo‘yilgan talablar, bugungi kunda milliy armiyamizning jahon va mintaqadagi reytingi, Qurolli Kuchlarimiz qudrati va mamlakatimiz mudofaa salohiyati haqida yoshlarga so‘zlab berishdi.
Tadbirlar davomida uchala tumanlarda ham vatanparvarlik festivallari bo‘lib o‘tdi. Mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan festivallarda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri tomonidan konsert dasturi, Urganch garnizoni harbiy xizmatchilari hamda Urganch “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining murakkab qo‘l jangi elementlari bilan chiqishlari namoyish etildi.
Yoshlar o‘rtasida arqon tortish, tosh ko‘tarish va harbiylashgan estafeta musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Jamoaviy o‘yinlar qizg‘in bahs va munozaralar bilan kechdi. Ta’lim muassasasi sha’nini himoya qilgan yoshlar sinfdoshlarining daldasi bilan oxirgi daqiqalargacha g‘oliblik uchun kurashdi. Musobaqalar sog‘lom raqobat ostida shiddat bilan o‘tdi.
Festival doirasida ishtirokchilar uchun harbiy texnika va qurol-aslaha ko‘rgazmalari tashkil etildi. Qo‘llariga birinchi marta qurol ushlagan yoshlarning hayratlari shu zahoti telefon orqali fotosuratlarga muhrlandi.
G‘olib va sovrindorlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘limi hamda Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi maxsus bo‘linmasi vakillari ishtirok etdi. Festivaldan ruhlangan o‘smirlar Vatanga xizmat qilishga, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘zlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan san’at asarlari yoshlarning qalbini milliy g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.