French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq tili bayramiga bag‘ishlandi
18:15 / 2025-11-29

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 1 dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami kuni hamda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, oliy ta’lim muassasalaridan olimlar, institut professor-o‘qituvchilari, pedagog xodimlari, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Bayram kechasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti professori Perdebay Najimov, professorlar Qutlimurat Qoshanov, Gulmurza Qurbaniyazov, Alima Pirniyazova, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Gulistan Dauletovalar qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilish tarixi, turkiy tillar tizimida qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va bugungi kunda uchrayotgan muammolar, ularni hal qilish uchun oldinda turgan vazifalar, qoraqalpoq tili rivojlanishining huquqiy asoslari, internet tarmoqlarida qoraqalpoq tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ma’ruzalar qilishdi.

Ma’ruzalarda qayd etilganidek, hozirgi vaqtda dunyoda olti mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa-da, ularning atigi 170 dan ortig‘i o‘z davlat tili maqomiga ega. Ular orasida qoraqalpoq tilining ham borligi katta quvonch va iftixordir.

Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning o‘zligini anglashi, mustaqil hayot kechirishi va ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy meroslarimiz, asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek oliyjanob ishda tashlangan muhim, tarixiy qadam bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida qoraqalpoq tilining milliy xususiyatlarini saqlab qolgan holda rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, jahon tillari qatoridagi obro‘-e’tiborini oshirish, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek ishlarda sezilarli natijalarga erishildi. Shulardan biri sifatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining qo‘llab-quvvatlashi bilan VII jilddan iborat “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati”ning nashr etilganligini ta’kidlash joiz.

Tadbir doirasida institutda bayram munosabati bilan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga faxriy yorliqlar hamda bayram sovg‘alari topshirildi.

Bayram kechasi institutning “To‘maris” xalq ansambli a’zolari, shuningdek, filologiya fakultetining iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA