Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sport sohasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026 yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda yoshlarni ommaviy sportga jalb etishda sport maktablarining mahallalargacha kirib borishini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni maqsadli tayyorlash tizimini mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.
—Darhaqiqat bugungi kunda yurtimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholini, ayniqsa yoshlarni sportga kengroq jalb etish, sport turlarini yanada rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlar yaratilgan,—dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Azamat Qalbayev.—Vazirlikga qarashli jami 158 sport inshooti, shundan 1 manej, 9 ta basseyn, 22 ta stadion, 64 ta sport zali, 2 ta gandbol, 14 ta basketbol, 3 ta futbol, 12 voleybol maydoni, 14 tennis korti hamda 1 otchopar maydoni bor. Shuningdek 26 ta sport muassasasida jami 50 ming nafardan ziyod sportchi yoshlar shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 44 sport federatsiyasi (assotsiatsiyasi) faoliyat yuritayapti.
So‘nggi yillari Orolbo‘yida sport inshootlarini qurish va rekonstruksiya ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida jami 4 ta sport ob’ektiga 52,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, 3 ta ob’ekt qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Shundan Nukus shahri "Turon" stadionini rekonstruksiya qilish, Nukus shahri "Qo‘sbuloq" mahalla fuqarolar yig‘inidagi futbol akademiyasini kapital ta’mirlash, Nukus shahri "Taxiatosh guzari" mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Kurash mahorati” sport maktabini qurish, Nukus shahri Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
[gallery-27262]
Investitsiya dasturi asosida 2025 yilda Nukus shahridagi “Turon” stadionini rekonstruksiya qilish ishlariga 27 milliard so‘m, Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati homiylik mablag‘i hisobidan 79,1 milliard so‘m, Nukus shahrida boks sport zali qurilish ishlari uchun 3,1 milliard so‘m, Kegeyli tumani “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan sport kompleksini rekonstruksiya qilish ishlariga 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari to‘liq yakunlandi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 iyuldagi “Mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport maydonchalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida hamda “Tashabbusli sport” loyihasi asosida 28 ta sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
“Open byudjet” dasturi asosida Xo‘jayli tumani sport maktabining boks zalini rekonstruksiya qilish uchun 1,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari sifatli yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgustdagi "2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida 24 modulni o‘z ichiga olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishlab chiqildi. Shu hisobdan bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni va aholi qatlamlarini ommaviy sportga jalb etish, ularning salomatligini mustahkamlash yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2025 yil davomida 9 ming 555 ta ommaviy sport tadbiri o‘tkazilib, ularga 846 ming 436 nafar kishi qamrab olindi.
2025 yilda qoraqalpog‘istonlik sportchilar O‘zbekiston, Osiyo, jahon chempionatlari va kuboklari, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib, 3 ming 851 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan O‘zbekiston chempionati va kubogida 3 ming 206 medal (711 oltin, 959 kumush va 1 ming 536 bronza), Osiyo chempionati va kubogida 165 medal (49 oltin, 36 kumush va 80 bronza), jahon chempionati va kubogida 72 medal (21 oltin, 18 kumush va 33 bronza), xalqaro turnirlarda 408 medalga (149 oltin, 95 kumush va 164 bronza) sazovor bo‘ldi. Shuningdek, sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi tarkibiga 959 nafar sportchi (548 nafari asosiy va 411 nafari zaxira tarkibiga) yetkazib berildi.
2028 yili AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini har tomonlama puxta tayyorlashni tashkil etish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan qoraqalpog‘istonlik sportchilarda mazkur Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun 52 nafar sportchi (35 nafari Olimpiya va 17 nafari Paralimpiya o‘yinlariga) qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA