Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq sportchilari ham jahon arenalarida munosib ishtirok etmoqda
18:36 / 2025-07-25

Barchangizga ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev bilan uchrashib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

–Aytingizchi, Orolbo‘yida sport sohasida mutaxassislar tayyorlash ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?

– Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda jami 158 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Nukus filiali, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Futbol akademiyasi, Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamda shahar va tumanlarda 19 ta sport maktabi (9 ta suzish havzasi, 22 ta stadion, 61 ta sport maydoni, 1 manej, 1 otchopar maydonchasi) faoliyat olib bormoqda. Ushbu sport ob’ektlaridagi sport seksiyalarida jami 54 ming nafardan ortiq yoshga 1 ming 566 nafar murabbiy sport sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi 2 ming 256 ta sport to‘garagiga 37 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan.

[gallery-24476]

Shu bilan birga, hududimizdagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida jami 2 ming 554 nafar malakali kadr tayyorlanmoqda hamda ularga 139 nafar pedagog kadr ta’lim-tarbiya bermoqda.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 43 ta sport federatsiyasi va assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda (24 ta olimpiya, 14 ta noolimpiya, 4 ta milliy, 1 ta adaptiv). Sport ta’lim muassasalarida sportning 63 ta turi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi. Shundan 33 Olimpiya, 15 paralimpiya, 12 noolimpiya, 3 milliy sport turlari bo‘yicha 3 ming 743 sport guruhida 54  ming 98 sportchi muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda.

–Bugungi kunda sportchilarimizning jahon arenalaridagi natijalari qanday bo‘lmoqda?

– 2024 yilda amalga oshirilgan ijobiy ishlar natijasida Jahon, Osiyo, xalqaro va respublika musobaqalarida Qoraqalpog‘iston yoshlari munosib ishtirok etib, 998 ta oltin, 1 ming 14 ta kumush, 1 ming 535 ta bronza jami 3 ming 547 ta medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu bilan birga, sportchilarimiz joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida O‘zbekiston chempionati va kuboklari, Osiyo, jahon chempionati va kuboklari, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib, jami 1 ming 827 ta medalni qo‘lga kiritishdi.

Ma’lumki, bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratishga, shuningdek, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz raisligida 2025 yil 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlanib o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar bu boradagi ezgu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Ana shu belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sportning 63 ta turi bo‘yicha Olimpiya, jahon, Osiyo va mamlakat chempionlari maktablarga biriktirilib, ular tomonidan yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha "Mahorat darslari" o‘tkazib kelinmoqda.

2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Qoraqalpog‘istonda jami 4 nafar sportchi, jumladan, Oqtenga Keunimjayeva, Zaynab Dayibekova, Shahzoda Ibragimova va Sharofiddin Boltabayevlar mamlakatimiz terma jamoalari tarkibida ishtirok etigan bo‘lsa, 2028 yil AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida 23 nafar sportchi, shundan 10 para sportchi qatnashishi kutilmoqda.

–Orolbo‘yi aholisini jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga qamrab olish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

–2025 yilning 6 oyi davomida jami 5 ming  286 ta ommaviy sport tadbiri tashkil etilib, ularga 464 ming 403 nafar aholimiz vakillari (shundan 166 ming 998 nafari xotin-qiz) qamrab olingan.

"Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida may oyida maktab o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida 5 ta sport turidan 53 ming 21 nafar xodimdan amalda 18 ming 193 nafari ishtirok etdi. Mahallalarda yashovchi 30 yoshdan yuqori aholi vakillari orasida 7 ta sport turi bo‘yicha jami 736 ming 994 nafar kishidan 135 ming 500 nafari ishtirok etishi  rejalashtirilgan. Hozirgi kunda 169 ming 343 nafari 5tashabbus.uz platformasidan musobaqalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi va amalda 148 ming 126 nafari sport musobaqalarida ishtirok etdi.

Maxsus jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘yicha jami 1 ming 634 nafar  o‘quvchi muvaffaqiyatli topshirib, shundan 302 nafar o‘quvchi 1-darajali, 1 ming 3 nafar o‘quvchi 2-darajali, 329 nafar o‘quvchi esa 3-darajali ko‘krak nishoni va sport kiyimlari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, joriy yilning may-iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarining 18-29 yoshdagi talaba-yoshlari o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik sinovlari o‘tkazildi. Bugungi kunda 19 ming 569 nafar talaba-yosh elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tib, shundan 13 ming 387 nafari jismoniy tayyorgarlik sport sinovlarini topshirdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan, olimpiya sport turlari (yengil atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo WT, og‘ir atletika, boks, badiiy gimnastika, dzyudo, stol tennisi) bo‘yicha uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi" musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish belgilangan. Shundan, bugungi kunda 10 ta sport turi bo‘yicha musobaqalarning 1-bosqichi o‘tkazildi.

–Qoraqalpog‘istonda sport inshootlari qurilishi yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

–Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 iyuldagi “Mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport maydonchalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida g‘olib bo‘lgan hamda sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalarda 2025 yilda 11 dona sport maydonchasini qurish belgilangan. Bundan tashqari, "Tashabbusli sport" elektron platformasi orqali ovoz berish jarayoni davomida shahar va tumanlardan jami 17 ta stritbol-vorkaut maydonchasi qo‘lga kiritildi. Hozirda ushbu sport maydonchalarining qurilish ishlarini boshlash uchun yer ajratish hamda ruxsatnomasini olish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga tavsiya berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida 2022-2024 yillar mobaynida jami 104 dona (30 ta universal, 53 ta stritbol vorkaut, 21 ta vorkaut) sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori asosida gimnastika sport turlariga tayyorlash markazini yangidan qurish bo‘yicha 79,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi "2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazini rekonstruksiya qilish ishlariga 13,4 milliard so‘m, Nukus shahri "Taxiatosh guzari" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan "Kurash mahorati" sport maktabini yangidan qurish ishlariga 14,1 milliard so‘m, Nukus shahri futbol akademiyasini kapital-ta’mirlash ishlariga 4,3 milliard so‘m, Nukus shahridagi "Turon" stadionini rekonstruksiya qilish ishlariga 48 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, (jami ajratiladigan mablag‘ 107,3 milliard so‘m) qurilish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining mahalliy byudjeti hisobidan boks zalining qurilishi uchun 3,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunda foydalanishga topshirildi.

Xulosa qilib aytganda, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy jihatdan chiniqqan, sog‘lom, barkamol insonlar etib tarbiyalash, mamlakatimiz sha’nini xalqaro sport maydonlarida munosib himoya qilib, vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarda hilpiratish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

 

Suhbatdosh: Dovud Abibullayev,  Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA