Joriy yilning 15 fevral kuni Italiyaning Akvila shahridagi “ALFREDO CASELLA” konservatoriyasi bilan xalqaro grant asosida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Ushbu hamkorlik kelishuvi asosida joriy yilning 30 sentyabr va 1 oktyabr kunlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida italiyalik san’at va madaniyat sohasi xodimlari bilan hamkorlikda "ItARTs" loyihasi doirasida festival tashkil etildi.

Festival doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida ko‘tarinki ruhda konsert bo‘lib o‘tdi.

Konsertning I qismida respublika va xalqaro tanlovlar laureati “Jayhun” xalq cholg‘ulari orkestri tomonidan badiiy rahbar “Shuhrat” medali sohibi, Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan yoshlar ustozi, professor Hikmat Rajabov dirijyorligida Joakkino Rossinining "Sevilyalik shahzoda” operasidan uvertyura, Eduardo di Kapua, Djovanni Kapurroning “O Sole mio”, Italiya kompozitorlarining asarlaridan popurri, Luidji Densaning "Funikuli-funikula”, Ernesto de Kurtisning “Torna a Surriento”, Djoakkino Rossinining “Kavatina figar”, Djuzeppe Verdining “Traviata” operasidan “Zastolnaya pesnya” kabi Italiya musiqa san’atining mashhur asarlari alohida mahorat bilan ijro etildi.


Ikkinchi bo‘limda italiyalik talabalar tomonidan Klaudio Monteverdi, Franchesko Kavalli, Domeniko Skarlatti, Domeniko Chimaroza, Росси́ни Джоакки́но, Djuzeppe Verdi, Djakomo Puchchini operalaridan parchalar namoyish qilindi.
Festivalning ikkinchi kunida italiyalik tajribali ustozlar tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari talaba-yoshlar uchun unutilmas tajriba maktabi vazifasini bajardi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ular o‘zlarining nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamladi. Shunday qilib, italiyalik san’at sohasi xodimlarining Orolbo‘yiga tashrifi unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Eng asosiysi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanib, musiqa san’ati rivojiga o‘zining katta hissasini qo‘shdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri