English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq milliy taomlari namoyishi
16:16 / 2021-06-11

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan «Respublika yoshlar ovozi» festivali doirasida Bo‘zatov tumanida «Qoraqalpoq milliy taomlari» festivali ham bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yi aholisining turmush sharoitini tubdan yaxshilash, hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, o‘ziga xos madaniyati va milliy taomlarini dunyo hamjamiyatiga namoyon qilib, turizm-sayyohlik yo‘nalishlarini ochishga alohida e’tibor berilmoqda.

2018 yil oktyabr oyida «Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi» mavzusida ekofestivalning tashkil etilishi va uning doirasida «Orol baliqlaridan 99 tur taom» mavzusida gastronomik festivalining o‘tkazilishi nafaqat mamlakatimiz aholisini, balki xalqaro hamjamiyatni qoraqalpoq milliy hamda unutilib borayotgan taomlari bilan tanishtirishga qaratilgan edi.

Bo‘zatov tumani Berdaq bog‘ida o‘tkazilgan «Qoraqalpoq milliy taomlari» festivalida Orolbo‘yining barcha tumanlaridan oshpazlar ishtirok etib, mahoratlarini namoyish etdi.

[gallery-2758]

Tadbir doirasida o‘tkazilgan oshpazlar tanlovi yakunida Chimboy tumanidan Oltinoy Zaripova birinchi, To‘rtko‘l tumanidan Gulbahor Haytboyeva ikkinchi, Mo‘ynoq tumanidan Gulmira Botirboyeva uchinchi o‘rinlarni egalladi. Shuningdek qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

– Tadbirni o‘tkazishdan maqsad, qoraqalpoq milliy taomlarini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, unutilib borayotgan taom turlarini tiklashdan iborat, – deydi «Qoraqalpoq umumiy ovqatlanish» korxonalari uyushmasi raisi Gulmirza Yuldashev. – Bu esa Orolbo‘yiga ko‘plab sayyohlarni jalb qilishga ham xizmat qiladi.

G‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat),O‘zA