Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Qoraqalpog‘iston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Jizzax vohasining eng chekka Baxmal tumanida tashkil etilgan ushbu tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining Madaniyat bo‘limi jamoasi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bu tadbir orqali olis hududlarda yashovchi aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, ijodiy jamoalarning respublika bo‘ylab gastrol safarlarini tizimli tashkil etish hamda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.

Taxtako‘pirlik san’atkorlar tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi milliy kuy-qo‘shiqlar, folklor chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va jonli ijrolar bilan juda ham tomoshabop bo‘ldi. Dastur tomoshabinlarga yuksak ma’naviy zavq ulashdi, ularning qalbida milliy g‘urur va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Baxmal aholisi tadbirni g‘oyat katta qiziqish va samimiy olqishlar bilan kutib oldi. Bu esa madaniyat va san’at insonlarni birlashtiradigan, xalqlar do‘stligini mustahkamlaydigan beqiyos kuch ekanini yana bir bor tasdiqladi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari