French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq davlat universitetining Qo‘ng‘irot fakulteti ochildi
16:41 / 2025-09-06

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 19-20 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Qo‘ng‘irot fakulteti ochilishi belgilab berilgan edi.

Shu munosabat bilan, “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi hududida Qoraqalpoq davlat universitetining Qo‘ng‘irot fakultetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Tadbirda universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab universitet rektori, akademik Ahmed Reymov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimi, jumladan, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yoshlarimiz o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi, bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi uchun keng yo‘l ochilmoqda.  

Qo‘ng‘irotda fakultetning ochilishi nafaqat ushbu tuman, balki butun Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun katta imkoniyat.

Endi yoshlar o‘z uyidan uzoqlashmasdan, zamonaviy sharoitlarda ta’lim olib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan mutaxassislar bo‘lib yetishadi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar ta’lim sifati, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq rejalar belgilanganini ta’kidlashdi.

Ushbu yangi fakultet faoliyati mamlakatimiz sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini hududiy darajada mustahkamlash hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan. Shu maqsadda Qoraqalpoq davlat universitetining Qo‘ng‘irot fakulteti nafaqat ilmiy-metodik markaz, balki amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dargohi sifatida o‘z faoliyatini olib boradi.

Tadbir ishtirokchilari yangi fakultetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri