Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq buyumlari ko‘rgazmasi ochildi
16:34 / 2026-01-07

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida “Muloqot: an’ana va zamonaviylik” mavzusida qoraqalpoq buyumlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘ldi.

Ushbu ko‘rgazmada Qozog‘iston Respublikasining Yevro dizaynerlar to‘garagi a’zolari vakillari, shuningdek, Qozoq milliy dizayn akademiyasi akademigi Tozabeka Soliyeva va Ismet Ayimbetovlarning hunarmandchilik asarlari ixlosmandlar e’tiboriga havola etildi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i Ulbosin Utegenova, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik Sarsenbay Baybosinov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad an’anaviy hunarmandchilikni zamonaviy uslubda tanishtirish, madaniy meros va zamonaviylik o‘rtasidagi ijodiy muloqotni rivojlantirishdan iborat ekanligini ta’kidlashdi. Shuning uchun ham tadbir san’at ixlosmandlari, dizaynerlar, talabalar va milliy madaniyatga qiziquvchi barcha tomoshabinlarga mo‘ljallangan.

Ekspozitsiyada felting, quruq jun bilan ishlash va rangtasvir san’ati orqali bajarilgan ishlar namoyish etildi. Asarlarda milliy an’ana va zamonaviy badiiy uslublarning o‘zaro uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ismet Ayimbetovning hunarmandchilik asarlari mayda detallardan tashkil topgan kichik installyatsion ko‘rinishdagi milliy suvenir buyumlaridan iborat bo‘lib, bu badiiy-san’atga qiziqish avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ijodiy bosqich ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Chunki I. Ayimbetov qoraqalpog‘istonlik mashhur adabiyotshunos, yozuvchi, professor Qalli Ayimbetovning nabirasi hisoblanadi.

Tozabeka Soliyeva 1971 yil 17 noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan. 1989 yilda texnikumni ta’limni tugatib, tuman Madaniyat uyida mehnat faoliyatini boshlagan. 1993-1998 yillarda hozirgi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida tahsil olgan. 1998-2002 yillarda Nukus davlat musiqali drama teatrida aktyor bo‘lgan, shu bilan birga, Nukus kollejida xoreografiyadan ham talabalarga dars bergan. 2002 yilda Qozog‘istonga ko‘chib kelgandan so‘ng, Ostona shahrida bolalarga xoreografiyadan tahsil berish bilan bir qatorda, Qozoq milliy san’at universitetida ham faoliyat yuritgan.

[gallery-27020]

2016 yildan boshlab Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahridagi Jayhun qoraqalpoq milliy etnomadaniy markazi rahbari bo‘lib ishlash bilan birga, o‘zining Vivat Dance Astana studiyasini boshqarib kelmoqda. Xoreografiya sohasida yetakchilik qilish bilan birga, milliy madaniyat va zamonaviy ijodni uyg‘unlashtirgan hunarmandchilik ishlarini ham olib boradi.

Ko‘p yillar davomida madaniyat va san’at sohasida mehnat qilib, milliy an’anani zamonaviy ijod bilan uyg‘unlashtirib kelmoqda. Asarlarida ona zamin ruhi, milliy o‘ziga xoslik va estetik izlanish yaqqol tasvirlangan.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari