Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpoq adabiyotining qo‘shboyteragi
18:31 / 2021-05-05

Ellikqal’a tumanidagi 66-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi gimni muallifi Ibroyim Yusupov va O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, M.Qoshg‘ariy va M.Sholoxov nomidagi xalqaro mukofotlar laureati To‘lepbergen Qaipbergenovning adabiy merosini keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpoq adabiyotining qo‘shboyteragi deb nom olgan ikki siymo ham 1929 yilda – I.Yusupov 5 may, T.Qaipbergenov 7 may kuni tavallud topgan. Ikki so‘z zargari oldinma-ketin, ya’ni atoqli shoir 1965-1980 yillarda, atoqli adib 1980-2010 yillarda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasini boshqargan edi. I.Yusupov “To‘maris” dostoni, T.Qaipbergenov “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi bilan butun dunyoga tanildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakat poytaxtidagi Adiblar xiyobonida ikki zabardast so‘z san’atkoriga haykal qo‘yildi. Nukusda shoir nomidagi ijod maktabi ish boshladi.

Adabiy kechada davlatimiz rahbarining joriy yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yoshlar orasida adabiyotni keng targ‘ib etish, umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Badiiy so‘z bo‘stoni” adabiy to‘garagida A.Navoiy, Berdaq, I.Yusupov, T.Qaipbergenov, E.Vohidov, A.Oripov ijodini o‘rganishdagi dolzarb vazifalar xususida so‘z bordi.

– Adabiy anjuman maktabimiz tarixida quvonchli voqea bo‘ldi, – deydi ta’lim dargohi rahbari A.Saydahmedov. – Unda o‘quvchilarimiz tomonidan I.Yusupov qalamiga mansub she’rlar bilan aytiladigan qo‘shiqlar yangradi, T.Qaipbergenov asarlari asosidagi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Bizning maktab matematika fanini teran o‘rganishga ixtisoslashtirilgan. Ayni chog‘da o‘quvchilarimiz orasidan yangi asrning Ibroyimlari, Zulfiyalari yetishib chiqadi, deb orzu qilamiz. Bizga targ‘ibotchi qilib nafaqat mamlakatimizda, balki qo‘shni hududlarda ham tan olingan taniqli adib va tarjimon Ya.Qo‘chqorovning belgilanganligi ham istiqbolda o‘z natijasini berishiga ishonchimiz komil.

Tadbir yakunida targ‘ibotchi adib o‘z asarlari, tarjimalari, publitsistikasi hamda shaxsiy kutubxonasidagi jahon adabiyoti namunalaridan 300 kitobni maktabga tuhfa etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA