Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘istonning madaniy durdonalari YUNESKO e’tirofida
11:55 / 2025-12-22

Bugun biz Qoraqalpog‘istonliklar uchun yuksak g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otgan tarixiy voqeaga guvoh bo‘lmoqdamiz. Asrlar davomida ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan betakror madaniy qadriyatlarimizning YUNESKO tomonidan xalqaro miqyosda e’tirof etilgani xalqimizning ma’naviy kamoloti va madaniy salohiyatining yorqin ifodasidir.

Joriy yilning dekabr oyida Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning 20-sessiyasi ko‘p millatli O‘zbekistonimiz uchun muhim natijalarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, qoraqalpoq xalqining milliy musiqa madaniyatida alohida o‘rin tutadigan “Qo‘biz va jirov ijrochilik san’ati” hamda ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan uy-joy qurish an’analarini o‘zida mujassam etgan “Qora uy” (o‘tov) qurish an’analarining YUNESKO ro‘yxatlariga kiritilishi jamoatchilikni yanada ruhlantirdi. Shuningdek, bu qoraqalpoq xalqining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda butun O‘zbekistonning ma’naviy merosiga berilgan xalqaro bahodir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi natijalarga erishishda nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy jamoalar, madaniyat sohasi vakillari, hunarmandlar, tadqiqotchilar hamda faol fuqarolarning hissasi beqiyosdir. NNTlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, madaniy loyihalar, ustoz-shogird an’analarini saqlashga qaratilgan tashabbuslar ushbu merosning yo‘qolib ketmasligiga xizmat qilmoqda.

“Qora uy” qurish an’analarida jamlangan bilim va ko‘nikmalar qoraqalpoq xalqining me’moriy tafakkuri, tabiat bilan uyg‘un yashash madaniyati va jamoaviy mehnat an’analarini ifodalaydi.  

Shuningdek, qo‘bizning epik dostonlarni ijro etishdagi o‘rni, jamiyatda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashdagi ahamiyati bu san’at turlarini asrash va rivojlantirishda fuqarolik jamiyatining rolini yanada oshiradi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘z faoliyatida madaniy merosni muhofaza qilish, uni targ‘ib etish, yosh avlod ongiga singdirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olgan. Bu yo‘nalishda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ishlar, jamoatchilik ishtirokidagi loyihalar va tashabbuslar o‘zining samarasini bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qoraqalpoq xalqining madaniy merosini asrash va rivojlantirishga qaratilgan vazifalar belgilangan bo‘lib, bu jarayonda davlat idoralari bilan bir qatorda nodavlat sektorning faol ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratilgan.  

Bugungi e’tiroflar ana shu hamkorlikning amaliy natijasidir.

Bu shubhasiz, xalqimizning, ayniqsa madaniyat va fuqarolik jamiyati sohasida mehnat qilayotgan minglab fidoiy insonlarning umumiy yutug‘idir. Ishonchim komilki, ushbu xalqaro e’tiroflar nodavlat notijorat tashkilotlarining sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi va milliy merosimizni asrab-avaylash yo‘lida yangi marralarga undaydi.

Biz esa o‘zligimizni, boy madaniy qadriyatlarimizni saqlagan holda, xalqimiz bilan birga navbatdagi yuksak cho‘qqilar sari qadam tashlashda davom etamiz.

Q.Karimxodjayev,

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi xududiy bo‘linmasi boshlig‘i

O‘zA