Davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida” (PQ–70-son) qarori bilan hududni barqaror taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 8 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allik darajasini esa 3,2 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Qarorda 2030-yilga mo‘ljallangan strategik ko‘rsatkichlar ham belgilangan. Unga muvofiq, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trln. so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln. so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish, eksport hajmini esa 900 mln. AQSH dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Hujjat doirasida boshqaruv tizimida ham o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Xususan, Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, uning o‘rniga yaylovlardan samarali foydalanish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.
Mazkur qarorni hududda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi deyish mumkin.
Hamroz Bayonov, O‘zA