Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanining kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi bir guruh yoshlari zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish maqsadida Andijonga tashrif buyurdi.Ular temiryo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi.
Mehmonlar “Andijon mebel klasteri”, "Oltinko‘l gulchilik markazi", "Digital Hub" logistika markazi, Andijon shahridagi Zargarlik klasteri faoliyati, Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat mahallasida mebelchilik yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, umuman, viloyatdagi bunyodkorlik, yosh tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlar bilan yaqindan tanishdi.
–“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida Oltinko‘l tumani Ijtimoiyat mahallasida konveyr usulida mebel mahsulotlari tayyorlash ishlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ekan, – deydi chimboylik Alisher Bektursunov. – Mahallada qariyb 400 xonadon ana shu ish bilan shug‘ullanarkan. Kimdir stol-stul va boshqa mebel jihozlarining turli qismlarini tayyorlab beradi, kimdir yig‘adi, yana kimdir unga ishlov beradi. Shu tariqa mebel mahsulotlari tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib berilarkan. Ana shu jarayonlarni kuzatdik, bu bizda katta taassurot va qiziqish uyg‘otdi. Ushbu mahalla tajribasi asosida o‘zim yashaydigan mahallada mebelchilikni yo‘lga qo‘yishni niyat qildim. Nasib etsa, shu ishni amalga oshirishga astoydil harakat qilaman.
Sayohat davomida chimboylik yoshlar turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi, ish jarayonlarini bevosita kuzatdi, ular bilan muloqot va suhbatlar o‘tkazdi.
[gallery-24710]
Tadbirkorlar faoliyati bilan tanishuv, ular bilan suhbatlar chimboylik yoshlarga o‘zlari qiziqqan hunarlarni egallash, yuqori daromadli tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun katta rag‘bat berdi.
Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmalari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun Andijonning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari