Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘istonlik yosh rassomlar ko‘rgazmasi
10:41 / 2022-10-31

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi doirasida qoraqalpog‘istonlik yosh rassomlarning “Lokomotsiya” nomli ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada yosh rassomlar Baxtiyar Serekeyev, Timur Shardemetov, Salamat Babadjanov hamda Nao‘riz Aytmuratov o‘zining yuzdan ziyod rang-tasvir asarlari bilan ishtirok etdi.

Ko‘rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad, zamonaviy rang-tasvir asarlari hamda san’at bilan yaqindan tanishish, ko‘p millatli xalqimizni, shu jumladan, yoshlarni ijodga, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning iste’dod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Rassomlar o‘zlarining ichki tuyg‘ularini, ko‘ngil kechinmalarini ma’lum bir zamonaviy ko‘rinishlar, o‘zgacha usullarda namoyish etmoqda. Mualliflar o‘zlarining alohida usullarini ishlab chiqqan, bunda ko‘proq Yevropa ijod maktablariga xos bo‘lgan holatlar ko‘zga tashlanadi.

Shu bois ham ko‘rgazma “Lokomotsiya” nomiga ega bo‘ldi. “Lokomotsiya” lotincha - ilmiy termin bo‘lib, (locus - joy, motio - harakat), bir joydan olg‘a harakatlanish, bo‘shliqda jadal harakatlanish degan ma’noga ega. Shu nuqtai nazardan rivojlanish hamda evolyutsion o‘zgacha harakatlanish tushunchalari yosh rasomlarga ko‘rgazmani shunday nomlashga motivatsiya bo‘ldi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA