Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, soha xodimlari va faxriylarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, 2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” qonunga muvofiq mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami kuni sifatida har yili tantanali nishonlanib kelinadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yida tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishni takomillashtirish, aholi orasida kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 7 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 - 2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qaror bilan Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida 20 o‘rinli xirurgiya bo‘limi, og‘ir bemorlar uchun 20 o‘rinli palliativ yordam ko‘rsatadigan bo‘lim (xospis) tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida surunkali kasalligi va nogironligi mavjud bolalar uchun 120 o‘rinli bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hududiy perinatal markazini 36 turdagi 261 dona asbob-uskuna bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Hudud aholisi, shu jumladan tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga yuqori texnologiyaga asoslangan malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash, olis hududlarda tibbiy yordam sifatini yaxshilash, sharoiti og‘ir mahallalarda sog‘liqni saqlash yo‘nalishida mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘rilmoqda. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, xodimlarning malakasini oshirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda bir guruh tibbiyot xodimlariga ko‘krak nishonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining faxriy yorliklari topshirildi.
Tantanali tadbirda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA