Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov rahbarligidagi delegatsiya Belarus Respublikasi oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan tanishdi.
Jumladan, Belarus davlat texnologiya universiteti rektori Igor Voytov mehmonlarni samimiy qabul qilib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim dasturlaridagi so‘nggi o‘zgarishlar, ilmiy-tadqiqot ishlari va xalqaro aloqalar bilan yaqindan tanishtirdi. Mazkur oliy o‘quv yurtining doimiy ravishda ӯtkazilgan ilmiy-texnik ishlanmalari va talabalarining ilm-fan sohasida erishgan yutuqlari namoyish etildi. Shuningdek, mehmonlar bir qator kafedralar va fizika-kimyo tadqiqotlar uslublari markazi faoliyati bilan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari oliy o‘quv yurtida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi va kelgusida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdi. bugungi kunda ushbu oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 5A320401-Kimyo texnologiya (ishlab chiqarish turlari bo‘yicha) hamda 5A320305-Kimyo sanoati va qurilish materiallari hamda apparatlari bo‘yicha magistratura mutaxassisliklarining ikkinchi bosqichida (magistrlik darajasi) ikkita o‘quv yurtining diplomi beriladigan hamkorlikdagi ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Ushbu hamkorlikdagi ta’lim dasturi bo‘yicha Belarus davlat texnologiya universitetida tahsil olayotgan QDU magistrantlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tashrif yakunida Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymovga xalqaro ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun «BDTU oldidagi xizmatlari uchun» medali topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA