Qoraqalpog‘istonlik 12 yoshdagi Jansuluv Tatlimuratovaning jahon rekordini o‘rnatganligi aytilmoqda.
Uning qo‘l-oyog‘ini yerga tekkizmasdan tishi bilan maxsus moslamani tishlagan holda orqaga egilib 10 daqiqayu 38 soniya tura olganligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Uning bundan oldingi ko‘rsatkichi 5 daqiqa bo‘lgan.
Jansuluvning murabbiyi Aynura Ilyasova esa shogirdining ikki karradan ham ko‘proq natija bilan jahon rekordini yangilaganiga ishonmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, sirk san’ati janrining qo‘l ekvilibristikasi turiga kiruvchi ushbu hunar bo‘yicha ukrainalik Nastya Zvereva «Talant» teleloyihasida 4 daqiqa 15 soniya tura olish orqali millionlab tomoshabinlarni lol qoldirgan.
Hozirda Nukusdagi Olimpiya zahiralari kollejida eshkak eshish san’ati bo‘yicha tahsil olayotgan Jansuluv Tatlimuratova ikki yil avval «Zo’r TV» telekanalining «Indigo» loyihasi, «Sport» telekanalining «Rekord.uz», Qoraqalpog‘iston telekanalining «Ayqulaq» ko‘rsatuvlari orqali ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lib qolgan edi. «Rekord.uz» ko‘rsatuvida «Eng egiluvchan plastik qiz» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, «Indigo» loyihasida u temirni tishlab turib qo‘l-oyog‘ini yerga tekkizmasdan orqaga egilgan holda 5 daqiqa tura olgan edi.
U sportning badiiy gimnastika turi bilan ikki yarim yoshidan boshlab shug‘ullana boshlagan. Ba’zi sabablarga ko‘ra hozirda gimnastika bilan shug‘ullanmayapti.
– Jansuluv hozirda kollejimizda eshkak eshish yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda, – deydi A.Ilyasova. – Bu sport turida ham u o‘zini ko‘rsatayapti. Yaqinda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Aytilgan topshiriqni tezda bajara oladi, o‘ta iqtidorli.
J.Tatlimuratovaning onasi va asosiy ustozi Gulmira Tajimuratova hozirda qizining Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish imkoniyatlarini qidirmoqda.
– Kimga murojaat qilishni bilmayapmiz. - deydi onasi. – Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun vazirlik yoki katta tashkilotlar orqali chiqish kerak ekan hamda unga to‘lanadigan to‘lovlari bor ekan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri G‘ayratbay Bayniyazov esa bu borada homiylar topilganini ma’lum qildi.
– «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kirish uchun unga bizning vazirlik bevosita mas’ul emas, rekordlar bilan shug‘ullanadigan alohida tashkilot bor, - deydi vazir G.Bayniyazov. – Lekin biz qo‘limizdan kelgancha yordam berishga tayyormiz. Homiylar ham topdik.
Jansuluv qo‘l-oyog‘ini yerga tekkizmasdan tishi bilan maxsus moslamani tishlagan holda orqaga egilib amalga oshiradigan tryukni onasining yordami bilan o‘rgangan.
<iframe width="480" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/qIntt4STQDA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ye.Qanoatov, O‘zA