Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘istonda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi
12:53 / 2024-06-03

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasы tomonidan Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida mahallalardagi yoshlar o‘rtasida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqada To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Qorao‘zak, Chimboy, Kegeyli tumanlari va Nukus shahridan jami 100 nafar 17-22 yosh oralig‘idagi yoshlar 10 ta jamoa tarkibida ishtirok etdi. Nizom shartlariga ko‘ra, jamoalar “Harbiy vatanparvarlik bloki", “Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki” va “Sport bloki” asosida musobaqalarda kuch sinashdi.  

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa a’zolari “O‘zbekiston tarixi bilimdoni” viktorinasida bilimlarini namoyon etishdi. Shuningdek, “Biz bir jamoamiz!” shartida jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Saf qo‘shig‘i” tanlovi o‘tkazildi.

[gallery-17678]

“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi. “Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqa shartlariga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rin Kegeyli tumanining “Lochin” jamoasiga nasib etdi va jamoa final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joiz, o‘tgan yilgi bellashuvlarda ham Kegeyli tuman yoshlariga teng keladigan jamoa topilmagan edi. Faxrli ikkinchi o‘ringa Qo‘ng‘irot tumanining “Mahalla” jamoasi, uchinchi o‘ringa esa Qorao‘zak tumanining “Temuriylar” jamoasi munosib topildi.

Shuningdek, musobaqa shartiga ko‘ra “Eng mohir mergan” nominatsiyasida Beruniy tumani jamoasi a’zosi Dilshod Bekimbetov, “Eng yaxshi sportchi” nominitsiyasida Kegeyli tumanidan Aqmaral Karimbayeva taqdirlandi. “Eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasida ham Kegeyli tumani jamoasi vakili Manshuk Jo‘ldasbayeva tengsiz ekanini isbotladi.

G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Musobaqaning final bosqichi shu yilning iyun oyida o‘tkaziladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbirlari