O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘istondagi O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarining tarkibini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonuni 16-moddasida referendum uchastkalarini tuzish tartibi va normasi belgilangan. Unga ko‘ra, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralarini inobatga olgan holda, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi. Referendum uchastkalari harbiy qismlar, sanatoriylar, dam olish uylari, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham tuzilib, bu uchastkalar o‘zlari joylashgan yerdagi referendum okruglariga kiradi.
Referendum uchastkalari shaharlar va tumanlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tuziladi.
Yig‘ilishda Nukus shahar va tumanlar hokimlarining taqdimnomasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi uchastkalarni tuzish masalasi hamda ish rejaga muvofiq, amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. Muhokamalardan so‘ng, Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi 653 ta uchastka tuzildi va bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi referendumining uchastka komissiyalari tarkibi, joylashgan manzili va telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma’lumotlarni mahalliy matbuotda e’lon qilish, shuningdek, tegishli qarorni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri