Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘istonda bunyodkorlik davom etadi
12:09 / 2024-12-30

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buni har bir inson, qolaversa, har bir qoraqalpog‘istonlik bugun o‘z hayotida his etmoqda.

Qoraqalpog‘iston haqida so‘z ketganda davlatimiz rahbarining “Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo‘lsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin!” degan so‘zlaridagi teran ma’noni anglaymiz. Biz qoraqalpog‘istonliklar buni yuragimizdan, qalbimizdan his qilmoqdamiz. Buni nafaqat Mo‘ynoq, balki barcha shahar va tumanlar, eng chetdagi ovul va qishloqlar bilan ro‘yxatni davom ettirsa bo‘ladi.

Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida shu yilning 23 dekabr sanasida Prezidentimiz raisligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Bu yil Qoraqalpog‘iston uchun barakali keldi. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi ochildi. Bu orqali yuk va yo‘lovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi. Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan.

Albatta, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonga juda katta e’tibor va imtiyozlar berilmoqda. Hududda katta o‘zgarishlar, muhim islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. So‘nggi 7-8 yilda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan Qoraqalpog‘istonning taraqqiyoti uchun ulkan e’tibor berilayotgani va aynan ana shunday e’tibor tufayli bugungi kunda Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, qishloqlar, hatto chekka ovullargacha har tomonlama o‘zgarib, rivojlanib bormoqda.  

Yig‘ilishda shuningdek, hududdagi 85 ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqilishi, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming nafar kishining bandligi ta’minlanishi, natijada esa ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushishi, 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6 foizga kamaytirish choralari ko‘rilishi alohida ta’kidlandi.  

Albatta, Qoraqalpog‘iston bugungi kunda butunlay o‘zgargan. Iqtisodiy, ijtimoiy sohalar, xususan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida ham hududga e’tibor katta. Masalan, shu yilda Qoraqalpog‘istonda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish 85 foizga yetdi. Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 24 dekabr kuni “Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, hududdagi sog‘liqni saqlash sohasi rivoji uchun yana bir imkoniyat taqdim etilmoqda.

Prezidentimiz rahbarligida jonajon Vatanimiz O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xalqimizni rozi qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini bundan buyon ham izchil sur’atlarda davom ettirilishiga shubhamiz yo‘q.  

Tajibay ROMANOV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari.

O‘zA