Nukus shahrida aholini keng qamrovli skrining va profilaktik ko‘riklar bilan qamrab olishga qaratilgan bir oylik “Salomatlik marafoni” start oldi.
Ko‘riklar 13 ta manzilda — Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi va oilaviy poliklinikalarda o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, shaharning 3 ta jamoat maydonida tashkil etilgan “Salomatlik maydonchalari”da aholiga sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha maslahatlar berilib, qon bosimi va puls o‘lchash kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Marafonda mahalliy shifokorlar bilan birga Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda xorijiy klinikalardan yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.
Barcha tekshiruv natijalari yagona elektron baza — DMED tizimiga kiritilib, bemorlar salomatligini uzluksiz monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun workshop mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularning bilim va malakasi oshirilmoqda.
Hamroz Bayanov,O‘zA