O‘zbekiston Madaniyat va san’at instituti Nukus filialiga Qoraqalpog‘istonning 1ta shahar va 16ta tumanidan har biridan 5 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.
Ularning shartnoma-to‘lov pullari hokimliklar tomonidan to‘lab berildi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’at instituti Nukus filiali matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur tadbir Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 25 dekabr kuni o‘tkazilgan Yoshlar Forumida berilgan topshiriqlar ijrosidir. Unda davlat rahbari har bir tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va san’at oliy ta’lim muassasalarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitilishi belgilangan edi. Shu topshiriq asosida Qoraqalpog‘istondan 85 nafar yosh, Xorazm viloyatidan 65 nafar yosh O‘zbekiston Madaniyat va san’at instituti Nukus filialiga qabul qilindi.
Mazkur institutda o‘qishlar 5 yil. Hokimliklar 5 yil davomida ushbu yoshlarning kontrakt pullarini to‘lab boradi. Talabalar o‘qishni tugatgandan keyin ushbu to‘langan pullarni davlatga xizmat qilib berish evaziga qaytaradi.
Yana bir muhim tomoni, o‘qishga topshirib kira olmagan hamda umuman o‘qishga topshirmagan, lekin madaniyat sohasida ishlayotgan yoshlar ham ushbu imtiyozni qo‘lga kiritdi.
Ye.Qanoatov, O‘zA