Ellikqal’a ixtisoslashtirilgan san’at maktabida 1-mart – o‘zbek she’riyatining yorqin namoyandasi Zulfiya tavallud topgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda shoiraning ibratli hayoti va sermazmun ijodi yosh avlodni ezgulikka, sadoqat va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Uning she’rlarida tarannum etilgan muhabbat, sadoqat va Vatanga mehr tuyg‘ulari yoshlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. O‘quvchilar tomonidan she’rlar o‘qildi hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Faol ishtirok etgan o‘quvchilar Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
***
Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da umumiy o‘rta ta’lim maktablari va texnikumlarda tahsil olayotgan 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi bugungi kunda ham qadrli” mavzusida asarlar tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi tashkil etildi.

Unda tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 70 nafardan ziyod o‘quvchi yosh ishtirok etdi.
Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati, badiiy tafakkur, milliy g‘urur va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan tanlov yakunida birinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani 12-sonli maktab o‘quvchisi Diana Tag‘abergenova, ikkinchi o‘rinni Kegeyli tumani texnikumi o‘quvchisi Qumargul Dauletiyarova, uchinchi o‘rinni Qorao‘zak tumani 6-sonli maktab o‘quvchisi Aynura Jumamuratova egalladi.
Tanlov g‘oliblari va faol ishtirok etgan jamoalarga homiylar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va har bir ishtirokchiga adabiyotlar jamlanmasi taqdim etildi.
***
OʻzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Kengashi tomonidan “Deputat va tadbirkorlar” forumi hamda “Fermerlarga huquqiy yordam” loyihasi doirasida ochiq muloqot tashkil etildi.
Ochiq muloqotda fermer va tadbirkorlarni qiynayotgan huquqiy hamda amaliy muammolar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, yer munosabatlari, suv ta’minoti, agrar sohada yangi mexanizm va imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, deputatlik nazorati orqali joylardagi muammolarni tezkor va samarali hal etish mexanizmlari yuzasidan takliflar bildirildi.
Forum doirasida fermerlar tomonidan ilgari surilgan taklif va murojaatlar deputatlar tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, “Fermerlarga huquqiy yordam” loyihasi asosida qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga amaldagi qonunchilik bo‘yicha huquqiy tushuntirish hamda ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
***
Bo‘zatovda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligini oshirish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Kegeyli tumani Mudofaa ishlari bo‘limi, Bo‘zatov tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi. Qizg‘in bellashuvlar ostida o‘tgan musobaqa yakunida birinchi o‘rinni 8-sonli maktab jamoasi, ikkinchi o‘rinni 1-sonli maktab jamoasi, uchinchi o‘rinni 14-sonli maktab jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan maxsus diplomlar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA